Yuqori lavozimli amaldor o‘z joniga qasd qildi

13 mart kuni Bishkek shahrida Kubanichbek Kapalov — Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi huzuridagi sud ijrochilari xizmati rahbar o‘rinbosari o‘zini otdi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, militsiyaga Chon-Ariq qishlog‘idagi Kojomberdiyev ko‘chasida avtomobil ichida o‘q uzilgan jasad topilgani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa joyiga tezkor-tergov guruhi yetib borib, GAC rusumli mashina salonida 1981 yilda tug‘ilgan erkakning o‘qotar quroldan halok bo‘lganini aniqlagan.
Keyinchalik marhum shaxsi aniqlanib, u Bosh prokuratura huzuridagi sud ijrochilari xizmati rahbar o‘rinbosari Kubanichbek Kapalov ekani tasdiqlangan.
Tekshiruv davomida militsiya xodimlari “Ij-18” rusumli 12 kalibrli miltiq, patronlar, gilza, ikki dona telefon va xayrlashuv maktubini dalil sifatida olib qo‘ygan. Dastlabki sud-tibbiy ko‘rik marhumning ko‘krak qismida o‘q jarohati borligini ko‘rsatgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, amaldor qarz majburiyatlari tufayli o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin. Hodisa yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining tegishli moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!