date

Ukraina Yaqin Sharq mamlakatlariga 201 nafar harbiy ekspertlarni yubordi

Ukraina Yaqin Sharq mamlakatlariga 201 nafar harbiy ekspertlarni yubordi

Foto: Jonathan Brady/AP Photo/picture alliance

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 17 mart, seshanba kuni Buyuk Britaniya parlamentidagi nutqi chog‘ida, hozirda Yaqin Sharq davlatlarida 201 nafar ukrainalik harbiy mutaxassis faoliyat yuritayapti, yana 34 nafari esa “joylashtirishga tayyor” ekanini ma’lum qildi.

Zelenskiy ta’kidlaganidek, gap Rossiya Ukrainaga muntazam hujum qilayotgan Shahed turidagi dronlardan himoya qilishni biladigan professional harbiylar haqida ketmoqda.

“Bizning guruhlarimiz allaqachon BAA, Qatar va Saudiya Arabistonida faoliyat yuritmoqda, shuningdek Kuvaytga ham yo‘l olmoqda. Boshqa davlatlar bilan ham hamkorlik allaqachon boshlangan. Biz Eronning mintaqada tahdidini davom ettirishini istamaymiz”, — dedi u.

Prezident shu bilan birga ekspertlarni yuborish haqidagi qaror Ukrainaning xalqaro sheriklari, jumladan AQSHning so‘roviga binoan qabul qilinganini qayd qildi.

Shuningdek, Zelenskiy Yaqin Sharqdagi nizo fonida ittifoqchilar Ukrainani unutmasligi lozimligini ta’kidladi va Rossiya bilan Eron rejimlari o‘rtasidagi hamkorlik yaratayotgan tahdidlar haqida ogohlantirdi.

“Rossiya va Erondagi rejimlar — nafrat asosida bir-biriga bog‘langan, qurol vositalarida ham hamohang. Biz esa nafratga asoslangan rejimlar g‘alaba qozonmasligini ko‘rsatishni maqsad qilganmiz”, — dedi Zelenskiy.

Kir Starmer esa o‘z navbatida Erondagi urushning Ukrainadagi nizoni e’tibordan chetlashtirishiga yo‘l qo‘ymasligini va’da qildi.

Londonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Zelenskiy va Starmer xavfsizlik va mudofaa sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan deklaratsiyani imzoladi. Deklaratsiyada davlatlar qo‘shma mudofaa-sanoat va texnologiya ekotizimini rivojlantirish, ishlab chiqarish liniyalarini tashkil etish, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni amalga oshirish, mudofaa mahsulotlari ta’minoti zanjirini integratsiya qilish va sanoat sherikliklarini mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib borishi nazarda tutilgan.

Buyuk Britaniya hukumati press-relizida ta’kidlaganidek, bu hamkorlik Ukraina nafaqat o‘z hududini agressiyadan muhofaza qilayotgan davlat, balki sheriklar xavfsizligi va Yevropaning umumiy mudofaasini mustahkamlashga hissa qo‘shib kelayotganini ko‘rsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Yaqin Sharq mamlakatlariga 201 nafar harbiy ekspertlarni yubordi