Chegara postida fojia: harbiy xizmatchi og‘ir ahvolda

Qirg‘iziston janubidagi O‘sh viloyatida sodir bo‘lgan og‘ir hodisa jamoatchilikni larzaga soldi. Joriy yilning 7 aprel kuni Irkeshtam chegara postida xizmat olib borayotgan 22 yoshli harbiy xizmatchi o‘z joniga qasd qilishga uringan.
Mahalliy manbalar, xususan Turmush nashri xabariga ko‘ra, shartnoma asosida xizmat qilayotgan askar boshidan o‘q jarohati bilan Nura qishlog‘idagi shifoxonaga olib borilgan. U yerda unga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilgach, zudlik bilan tuman markazi — Gulcha shahridagi shifoxonaga ko‘chirildi.
Shifokor bemorning ahvoli haqida ma’lumot berib, uning hayoti uchun kurash ketayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘shdan kelgan malakali mutaxassislar tomonidan chegarachining bosh miyasida shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Dastlabki xulosalarga qaraganda, o‘q jag‘ qismiga tegib, ko‘z atrofidagi muhim qon tomirlari yonidan o‘tib ketgan. Hozirda harbiy xizmatchi og‘ir ahvolda bo‘lib, koma holatida qolmoqda hamda sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Shifokorlar uning ahvolini nihoyatda og‘ir deb baholamoqda.
Mazkur hodisa yuzasidan tegishli organlar tomonidan tekshiruv ishlari boshlangan. Harbiy prokuratura voqea sabablarini aniqlash maqsadida surishtiruv olib bormoqda. Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati esa harbiy xizmatchi I.A. xizmat quroli — AK-74 avtomatidan foydalanganini ma’lum qilgan.
Hozirda ushbu hodisa bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lib, voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!