Qirg‘izistonda deputat prezidentdan 2-3 tonna oltin so‘radi (video)

Qirg‘izistonda iqtisodiy masalalar yuzasidan yana bir noodatiy taklif yangradi. Mamlakat parlamenti deputatlaridan biri tadbirkorlar ko‘rgan zararlarni qoplash maqsadida prezidentdan bir necha tonna oltin ajratishni so‘radi. Bu haqida News.kg xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat zaxirasida yetarli miqdorda qimmatbaho metall mavjud bo‘lib, undan maqsadli foydalanish mumkin. “Janob Prezident, 2-3 tonna oltin bering. Axir bizda 52 tonna oltin bor ekan”, — deya murojaat qilgan deputat.
Mazkur taklif, asosan, turli iqtisodiy qiyinchiliklar sabab zarar ko‘rgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurati bilan izohlanmoqda. Deputat fikricha, bunday choralar qisqa muddatda biznes vakillarining yo‘qotishlarini qoplashga va iqtisodiy faollikni tiklashga yordam berishi mumkin.
Hozircha Qirg‘iziston rasmiylari ushbu taklif yuzasidan aniq munosabat bildirmagan. Biroq mazkur bayonot ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, turli fikr va munozaralarni keltirib chiqarmoqda.