Olimlar 1600 yillik Rim shishasining rang o‘zgartirish xususiyatini qayta yaratdi

Olimlar 1600 yillik Rim shishasining rang o‘zgartirish xususiyatini qayta yaratdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Sheffild universiteti olimlari 1600 yillik Likurg qadahi kabi yorug‘lik ta’sirida rangini o‘zgartiradigan qadimgi Rim shishasining xususiyatini qayta yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
  • Tadqiqotchilar shisha tarkibiga oltin va kumushning mayda nanozarrachalarini qo‘shib, uni 1000 darajadan yuqori haroratda eritish orqali ushbu noyob optik effektga erishdilar.

Buyuk Britaniyadagi Sheffild universiteti olimlari yorug‘lik ta’sirida rangini o‘zgartiradigan qadimgi Rim shishasining xususiyatini qayta yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda The Guardian nashri 2026 yil 25 oktyabrda xabar berdi.

Gap Britaniya muzeyida saqlanayotgan, taxminan 1600 yillik Likurg qadahi haqida ketmoqda. U odatiy yorug‘likda yashil, orqa tomondan yoritilganda esa yoqutdek qizil rangda ko‘rinadi. Bu noodatiy xususiyat asrlar davomida tarixchilar va shishasoz mutaxassislarni hayratda qoldirib kelgan.

Olimlar ushbu hodisani qayta yaratish uchun qadimgi shisha tayyorlash usuliga asoslangan. Tajribalarda eritilgan shisha tarkibiga oltin va kumushning juda mayda nanozarrachalari qo‘shilgan. Shisha 1000 darajadan yuqori haroratda eritilib, soviganida uning ichida nanoo‘lchamli metall zarrachalari hosil bo‘lgan. Natijada qadimgi qadahdagiga o‘xshash rang o‘zgarishi kuzatilgan.

Tadqiqotchilarning tushuntirishicha, shisha tarkibidagi nanozarrachalar yorug‘lik bilan o‘zaro ta’sirlashadi. Yorug‘lik shisha orqali o‘tganda, ko‘k va yashil ranglarning bir qismi to‘silib, qizil va to‘q sariq tuslar ko‘rinadi. Yorug‘lik shisha yuzasidan qaytganda esa u yashil rangda namoyon bo‘ladi.

Universitetning kimyoviy, materiallar va biologik muhandislik maktabi xodimi doktor Liza Hollands bu natijaga erishish uzoq va mashaqqatli jarayon bo‘lganini ta’kidladi.

«Men uchun bu mo‘jiza», — dedi u.

To‘rtinchi asrga mansub Likurg qadahi qadimgi mifologiyaga oid tasvirlar bilan bezatilgan. Unda sharob xudosi Dionisning shoh Likurg ustidan g‘alabasi aks ettirilgan. 2022 yilda xalqaro ekspertlar qadahni dunyodagi shisha san’atining yetti mo‘jizasidan biri sifatida e’tirof etgan.

London universiteti kollejining arxeologik materiallar bo‘yicha faxriy professori Ien Fristounning ta’kidlashicha, Sheffild universiteti olimlari yaratgan shisha avvalgi tajribalarga qaraganda asl kosaning yashil va qizil ranglariga yaqinroq.

Mutaxassisning fikricha, shishaning yakuniy rangi uni eritish jarayonidagi sharoitlarga, jumladan, pech ichidagi joylashuviga ham bog‘liq bo‘lgan. Bu esa qadimgi Rim ustalari uchun bunday ranglarni aniq nazorat qilish oson bo‘lmaganini ko‘rsatadi.

Loyiha doirasida shisha rassomi Elliot Uoker ham qadimgi qadahdan ilhomlangan zamonaviy haykal yaratgan. Ushbu asar 2026 yil 6–15 noyabr kunlari Sheffilddagi Millennium galereyasida namoyish etiladi. Keyinchalik u Turner shisha muzeyida doimiy saqlanishi rejalashtirilgan.

Olimlarning fikricha, ushbu tadqiqot qadimgi Rim ustalari shisha tayyorlashda qanday usullardan foydalanganini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Shuningdek, u tarixiy shisha buyumlarining noyob optik xususiyatlarini zamonaviy usullar yordamida qayta yaratish imkoniyatlarini ham namoyon etadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar