Qirg‘izistonda qishloq nomlari o‘zgaradi: yangi qoidalar joriy etilmoqda

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatdagi rus tilidagi qishloq nomlarini bosqichma-bosqich qirg‘iz tiliga almashtirish rejasi haqida ma’lum qildi. Uning aytishicha, ushbu jarayon 2027 yilga qadar to‘liq yakunlanishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari bu tashabbus milliy qadriyatlar va tilni mustahkamlash, shuningdek, tarixiy nomlarni tiklashga qaratilganini ta’kidladi. Shu orqali mamlakatdagi geografik nomlarning yagona milliy ruhda bo‘lishi ta’minlanadi.
Shu bilan birga, prezident qishloqlarga shaxslar nomi berilishini cheklash bo‘yicha yangi qoida joriy etilganini ham bildirdi. Uning fikricha, tarixiy shaxslarning nomi allaqachon xalq xotirasida muhrlanib bo‘lgan va buni qo‘shimcha ravishda joy nomlarida aks ettirish shart emas.
“Olimbek dodxoning nomi allaqachon tarixda o‘z o‘rniga ega. Qishloq uning nomi bilan atalgani uchun tezroq taraqqiy etmaydi”, — deya qayd etdi Sadir Japarov.
Mutaxassislar fikricha, mazkur o‘zgarishlar milliy o‘zlikni mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin, biroq ayrim hududlarda aholi tomonidan turlicha qabul qilinishi ehtimoli ham yo‘q emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!