Haj–2026: Makka kirish qoidalari qat’iylashtirildi

Saudiya Arabistoni 2026 yilgi haj mavsumi oldidan Makka shahriga kirish tartiblarini sezilarli darajada qat’iylashtirdi. Bu haqda Saudi Press Agency ma’lumot tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, may oyi oxirida boshlanadigan haj mavsumida qariyb ikki million ziyoratchining tashrif buyurishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Saudiya Ichki ishlar vazirligi xavfsizlikni ta’minlash va ziyorat jarayonini tartibli o‘tkazish maqsadida bir qator yangi cheklovlarni joriy etdi.
Makka kirish uchun ruxsatnoma shart
2026 yil 13 apreldan boshlab Makka shahriga kirishni istagan barcha shaxslar tegishli rasmiy idoralardan maxsus ruxsatnoma olishi shart qilinadi. Ruxsatsiz kirishga ruxsat berilmaydi.
Bundan faqat Makka shahrida yashovchilar, haj ruxsatnomasiga ega ziyoratchilar hamda muqaddas hududlarda ishlash uchun elektron ruxsat olgan shaxslar mustasno etib belgilangan. Bunday ruxsatlar Absher Individuals platformasi va Muqeem portali orqali rasmiylashtiriladi.
Umra va viza bo‘yicha cheklovlar
Umra vizasi bilan kelgan fuqarolar uchun Saudiya Arabistonini tark etishning so‘nggi muddati 18 aprel etib belgilandi.
Shuningdek, Nusuk platformasi orqali umra ruxsatnomalarini berish 18 apreldan 31 maygacha vaqtincha to‘xtatiladi. Bu cheklov Saudiya fuqarolari, Fors ko‘rfazi davlatlari aholisi, mamlakatdagi rezidentlar va boshqa viza egalari uchun ham taalluqli.
18 apreldan boshlab esa barcha turdagi vizaga ega shaxslar uchun Makka shahriga kirish yoki unda qolish taqiqlanadi. Faqat haj vizasiga ega bo‘lganlar bundan mustasno.
Qat’iy nazorat va jazo choralari
Vazirlik qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilik asosida qat’iy jazo choralari qo‘llanilishini ta’kidladi.
Fuqarolarga ogohlantirish
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham haj bilan bog‘liq soxta e’lonlar va firibgarlik holatlari ko‘paygani haqida ogohlantirdi. Rasmiy bo‘lmagan yo‘llar orqali hajga borish nafaqat qonunga zid, balki Mina, Arafot va Muzdalifa kabi amallarni bajarish imkonini ham cheklaydi. Bunday holatlar deportatsiya va katta jarimalarga olib kelishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!