Turkiyada fojia: chaqmoq urgan bolalar halok bo‘ldi

Turkiyaning Diyorbakir hududida sodir bo‘lgan fojiali hodisa jamoatchilikni larzaga soldi. Kuchli yomg‘ir paytida daraxt ostiga panoh izlagan bolalarni chaqmoq urishi oqibatida ikki nafar o‘smir hayotdan ko‘z yumdi, yana biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda TRT ma'lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Ergani tumanidagi Chicheko‘zu mahallasida joylashgan uy hovlisida sodir bo‘lgan. 14, 15 va 16 yoshli bolalar yomg‘irdan saqlanish maqsadida daraxt ostiga yashiringan. Biroq kutilmagan tabiiy hodisa — chaqmoq zarbasi ularni nishonga olgan.
Hodisa joyiga tez tibbiy yordam va huquq-tartibot xodimlari zudlik bilan yetib borgan. Jarohatlanganlar G‘ozi Yashargil shifoxonasiga olib borilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ikki nafar o‘smirning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.
Mutaxassislar bunday ob-havo sharoitida ochiq maydonlarda, ayniqsa daraxtlar ostida turish xavfli ekanini yana bir bor eslatmoqda. Ushbu fojia aholiga tabiat hodisalariga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish zarurligini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!