Hindistonda chaqmoq va kuchli yomg‘irlar 14 kishining umriga zomin bo‘ldi

Hindistonning Tamilnad shtatida musson mavsumi boshlanganidan beri chaqmoq urishi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi. Kuchli yomg‘irlar esa ko‘chkilar, suv toshqinlari va yo‘llardagi xavfli vaziyatlarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda ThePrint nashri xabar berdi.
Shtat daromadlar vaziri K.A. Sengottayyanning 26 oktyabr kuni bildirishicha, halok bo‘lganlarning oilalariga 400 ming rupiydan tovon puli berilgan. U bir kun ichida yomg‘ir bilan bog‘liq hodisalarda 35 kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Boshqa o‘lim holatlari esa o‘rganilmoqda.
Kuchli yog‘ingarchilik tufayli Nilgiri tumanida yuzaga kelgan 62 ta ko‘chki oqibatlari bartaraf etilgan. Biroq avtobus ustiga tosh tushishi oqibatida haydovchi halok bo‘lgan, konduktor esa suyak sinishi bilan jarohatlangan. Haydovchining oilasiga ham 400 ming rupiy tovon puli ajratilgan.
Xavfsizlik sababli Nilgiri, Kodaykanal va Yerkaud kabi tog‘li hududlarga sayyohlarning kirishi vaqtincha cheklangan. Mahalliy aholi esa maxsus ruxsatnoma bilan soat 06:00 dan 18:00 gacha harakatlanishi mumkin.
Kodaykanaldagi Munjikkal-Dobikana mahallasida 20 dan ortiq uyni suv bosgan. Aholi tun bo‘yi uy-joyi va chorvasini asrashga uringan. Shuningdek, 600–700 oila uchun muhim bo‘lgan 30 yillik ko‘prikda yoriqlar paydo bo‘lgan.
Nagapattinam tumanida esa 3,5 ming akr ekin maydoni suv ostida qolgan. Qo‘shni Txeni tumanidagi Vaygay suv omborida suv sathi to‘qqiz oydan keyin yana 50 futga ko‘tarilgan. Omborning to‘liq sig‘imi 71 futni tashkil etadi.






























Izohlar 0
…