9 kishini oʻldirgan oʻquvchining onasi ham panjara ortiga kuzatildi

Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida yuz bergan mudhish qonli voqea yangi tafsilotlar bilan davom etmoqda. Maktabga qurolli hujum uyushtirib, 9 nafar begunoh insonning hayotiga zomin boʻlgan 16 yoshli Iso Aras Mersinlining onasi Pinar Peyman Mersinli rasman hibsga olindi. Qahramonmarash Bosh prokuraturasining maʼlum qilishicha, ayol farzandining ruhiy holatidagi jiddiy muammolarga beparvolik qilgani va shifokorlarning qatʼiy koʻrsatmalarini inkor qilgani uchun fojiaga bilvosita sababchi sifatida koʻrilmoqda.
Shifokorlar ogohlantirgan, ona esa jim turgan
Ayser Chalik nomli oʻrta maktabda sodir etilgan bu dahshatli hujum natijasida bir nafar ustoz va yana 8 kishi halok boʻlgan, 21 nafar fuqaro turli darajadagi jarohatlar olgan edi. Prokuratura bayonotiga koʻra, onaning hibsga olinishiga uning oʻz farzandiga nisbatan beparvoligi asosiy sabab boʻlgan.
Aniqlanishicha, voqea sodir boʻlishidan ancha avval davlat va xususiy tibbiyot muassasalarining mutaxassislari oʻsmirni koʻrikdan oʻtkazib, unga aniq tashxis qoʻyishgan. Ikki nafar psixolog Iso Arasning tezkorlik bilan bolalar psixiatriya boʻlimida muolaja olishi zarurligini taʼkidlagan boʻlsa-da, oʻqituvchi boʻlib faoliyat yurituvchi Pinar Peyman Mersinli bu tavsiyalarni inobatga olmagan.
Sud qarori: Ehtiyotsizlik — jinoyatga yoʻl
Qahramonmarash Bosh prokuraturasi gumonlanuvchining harakatlaridagi beparvolik va kelib chiqqan oqibatlarning oʻta ogʻirligini inobatga olib, uni hibsga olish haqida iltimosnoma kiritdi. Navbatchi sud Pinar Peyman Mersinlini “ehtiyotsizlik oqibatida oʻlimga sabab boʻlish” aybi bilan qamoqqa olish toʻgʻrisida qaror chiqardi.
Ayni damda ushbu qonli hodisa yuzasidan keng qamrovli tergov va surishtiruv ishlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!