Nega Mojtaba Xomanaiy otasining dafn marosimiga kelmadi?

Eronda marhum oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari davom etayotgan bir paytda, uning o‘g‘li va amaldagi oliy rahnamo Mojtaba Xomanaiyning marosimda ko‘rinish bermagani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
The New York Times nashrining yozishicha, 5 iyul kuni Tehronda Ali Xomanaiy uchun janoza namozi o‘qilishi rejalashtirilgan bo‘lib, vidolashuv marosimlari mamlakatning bir nechta shaharlarida 9 iyulgacha davom etadi. Biroq shu vaqtga qadar Mojtaba Xomanaiy omma oldida namoyon bo‘lmagan.
Dafn marosimini tashkil etish qo‘mitasi rahbari Akbar Purjamshidiyon avvalroq Mojtabaning marosimda qatnashishi uning shaxsiy qarori ekanini ma’lum qilgandi. Shunga qaramay, uning ko‘plab tarafdorlari yangi rahnamoni otasi bilan xayrlashuv marosimida ko‘rishni kutgan.
Manbalarga ko‘ra, xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy tahdidlar uning omma oldiga chiqmasligiga asosiy sabab bo‘lgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga yaqin ikki manbaning bildirishicha, Isroil tomonidan ehtimoliy nishonga olinish yoki uning turgan joyini aniqlash xavfi sabab Mojtaba Xomanaiyning marosimda ishtirok etishi maqbul deb topilmagan.
Shu bilan birga, manbalar Mojtaba Xomanaiy otasining dafn marosimining ayrim bosqichlarida qatnashish istagini bildirganini ham qayd etgan. Xususan, u 9 iyul kuni Mashhad shahridagi Imom Rizo ziyoratgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan dafn marosimida ishtirok etish va otasi haqiga duo qilishni xohlagani aytilmoqda.
Eslatib o‘tish joiz, Ali Xomanaiy AQSH va Isroilning fevral oyi oxiridagi aviahujumlari oqibatida halok bo‘lgani rasman tasdiqlangan edi. Dastlab mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan vidolashuv marosimi ishtirokchilar soni juda ko‘p bo‘lishi kutilgani hamda tashkiliy tayyorgarlik sabab iyul oyiga qoldirildi.
Mojtaba Xomanaiy esa mart oyida Eronning yangi oliy rahnamosi sifatida saylangan bo‘lsa-da, hujumlarda olgan jarohatlari tufayli haligacha jamoatchilik oldida chiqish qilmagan. Shu vaqtgacha uning murojaatlari televideniye orqali o‘qib eshittirilgan yoki yozma bayonot shaklida tarqatilgan.






























Izohlar 0
…