date

Xurgadada fojia: sayyohni kobra chaqib halok qildi

Xurgadada fojia: sayyohni kobra chaqib halok qildi

Misrda dam olayotgan germaniyalik sayyoh bilan bog‘liq fojiali hodisa yuz berdi. “CNN” xabariga ko‘ra, erkak ilonlar shousi vaqtida kobra chaqishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Ma’lum qilinishicha, 57 yoshli erkak oilasi bilan ta’til o‘tkazish uchun Misrga borgan va Qizil dengiz bo‘yidagi Xurgada shahrida dam olayotgan bo‘lgan. Ular mehmonxonadagi ko‘ngilochar dasturlar doirasida tashkil etilgan ilonlar shousida ishtirok etishgan.

Voqea davomida ilonlardan biri, taxminlarga ko‘ra kobra, erkakning kiyimi ichiga kirib ketgan va uning oyog‘ini chaqib olgan. Dastlab bu holat jiddiy baholanmagan bo‘lsa-da, oradan ko‘p o‘tmay erkakda zaharlanish alomatlari kuchayib, ahvoli og‘irlashgan.

Shundan so‘ng u zudlik bilan yaqin atrofdagi tibbiyot muassasasiga olib borilgan va reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, sayyohning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Mazkur hodisa yuzasidan Germaniyaning Memmingen shahri jinoyat politsiyasi tomonidan tergov ishlari boshlangan. Ayni paytda toksikologik ekspertiza natijalari kutilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ilon chaqishi bilan bog‘liq o‘lim holatlari dunyoda kam uchramaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 81 mingdan 138 minggacha inson aynan shu sabab hayotdan ko‘z yumadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Xurgadada fojia: sayyohni kobra chaqib halok qildi