date

Rossiyada to‘ntarish haqidagi mish-mishlarga London ishonmayapti

So‘nggi kunlarda G‘arb ommaviy axborot vositalarida Rossiyada ehtimoliy davlat to‘ntarishi tayyorlanayotgani haqida turli taxmin va xabarlar keng muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, CNN va «Faynenshl Tayms» kabi yirik nashrlarda tarqalgan materiallar xalqaro maydonda katta qiziqish uyg‘otdi. Biroq Buyuk Britaniyada barcha ham bu versiyalarga ishonayotgani yo‘q.

Britaniyalik taniqli ekspert, London Universitet kolleji faxriy professori Mark Galeotti «The Spectator» nashrida e’lon qilgan maqolasida Rossiyada davlat to‘ntarishi arafasi haqidagi xabarlarga shubha bilan yondashdi.

Uning fikricha, bunday materiallar jiddiy tahlildan ko‘ra ko‘proq axborot ta’siri yoki psixologik operatsiyani eslatadi.

— «G‘arb yetakchilari Rossiya dezinformatsiyasini qanchalik qattiq tanqid qilmasin, bu jarayon bir tomonlama emasligini ham unutmaslik kerak», — deya ta’kidladi Galeotti.

Ekspertning aytishicha, ayrim nashrlarda «Yevropa razvedka xizmati» degan noaniq va anonim manbalarga tayanilgani bunday ma’lumotlarning ishonchliligiga jiddiy shubha uyg‘otmoqda.

Mark Galeotti Rossiya ichida ehtimoliy siyosiy to‘ntarish tashkil qilinishi haqidagi taxminlarga ham ishonmasligini bildirdi. Ayniqsa, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu bu jarayonda asosiy figura bo‘lishi mumkinligi haqidagi gaplarni u jiddiy qabul qilmagan.

Ekspert bu kabi versiyalarni hatto ma’lum ma’noda masxarali deb baholadi va ular ko‘proq taxminlarga asoslanayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Galeotti Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xavfsizlik tizimi tubdan o‘zgargani haqidagi da’volarni ham shubha ostiga oldi.

Uning ta’kidlashicha, Putin hozir ham ommaviy tadbirlarda qatnashmoqda, xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda va davlat rahbari sifatida faoliyatini davom ettiryapti. Bu esa ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan ayrim ssenariylarga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatadi.

Mark Galeotti bunday xabarlar Yevropadagi kayfiyat bilan ham bog‘liq ekanini aytdi. Uning fikricha, Yevropa jamoatchiligi Ukrainadagi urushning tez va kutilmagan tarzda yakunlanishi haqidagi har qanday versiyaga qiziqish bildirmoqda.

— «Yevropada Rossiya ichidan qulashi mumkinligi haqidagi g‘oyaga muayyan ehtiyoj bor. Chunki bu urushning qandaydir “mo‘jizaviy” yakunlanishi haqidagi umidlarga mos keladi», — dedi ekspert.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday vaziyatda hatto ayrim razvedka tuzilmalari ham siyosiy muhit ta’sirida voqealarni bo‘rttirib baholashi mumkin.

Ekspert fikricha, axborot urushi kuchaygan sharoitda turli mish-mish va taxminlar tez tarqaladi, ammo ularning barchasini ham haqiqat sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada to‘ntarish haqidagi mish-mishlarga London ishonmayapti