13:30 / 10.04.2017
5 278

Fransiyada prezidentlik saylovoldi kampaniyasi qizg‘in pallasiga kirdi

Fransiyada prezidentlik saylovoldi kampaniyasi qizg‘in pallasiga kirdi
Fransiya rasman saylovoldi kampaniyasiga kirmoqda. 10 apreldan prezidentlik uchun nomzodlar "tashviqotlar urushi"ni boshlashadi. Fransiyalik saylovchilar bugundan e’tiboran 11 nafar nomzodga doir ma’lumotlarni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.

Har bir nomzod televidenie va radioda davlat tomonidan kafolatlangan efir vaqtiga ega. Nomzodlarning o‘z dasturlarini ilgari surishda tenglikka rioya qilishlarini Fransiya Oliy audiovizual kengashi nazorat qiladi. Bu haqda TASS agentligiga asoslanib "Kun.uz" nashri yozmoqda.

Joriy kampaniyaning avvalgi bosqichida bo‘lib o‘tgan televizion debatlar va reyting ko‘rsatkichlari Fransiya saylovchilari qaysi kayfiyatda ekaniga aniqlik kirita olmadi. Saylovoldi poygasining etakchisi "Milliy front" rahbari Marin Le Pen eng barqaror tafdorlarga ega. Uni qo‘llab-quvvatlovchilarning 80 foizi o‘z tanlovlarida haq ekanliklariga ishonishmoqda. Poyganing yana bir etakchisi "Marshda" harakati nomzodi Emmanyuel Makron tarafdorlarining atigi 50 foizi shunday ishonchni bildirishgan, xolos.

Respublikachilar partiyasi nomzodi Fransua Fiyon vakilining so‘zlariga ko‘ra, "prezidentlik poygasining ushbu bosqichi ancha qizg‘in bo‘ladi". Fransiya sobiq bosh vaziri, hozirda, Milliy majlis deputati Fiyon Parijda miting tashkil etdi.

So‘l kayfiyatdagi "Bo‘ysunmagan Fransiya" nomzodi Jan-Lyuk Melanshon Marselda o‘tkazgan mitingida 70 ming tarafdorini to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Ijtimoiy xizmatlarning so‘nggi tadqiqotlariga ko‘ra, Melanshon o‘z tarafdorlari sonini oshirib bormoqda va deyarli har beshinchi fransiyalikning qo‘llab-quvvatlashiga erishgan. U hukmron Sosialistik partiyaning rasmiy nomzodi Benua Amon tarafdorlari sonidan ikki barobar ko‘proq tarafdorlarga ega.

Shunga ko‘ra, "Bo‘ysunmagan Fransiya" nomzodi prezidentlik poygasining 3 nafar etakchisi Le Pen, Makron va Fiyonga yaqinlashib qoldi.

Fransiya prezidentlik saylovining 23 aprelda bo‘lib o‘tuvchi birinchi turi 11 nafar nomzod kurash olib boradi. 7 may kuni tashkil etiladigan ikkinchi tur ovoz berish jarayonida saylovchilarning eng ko‘p ovoziga ega bo‘lgan ikki nomzod kurashni davom ettiradi.

Ikkinchi bosqichda g‘alaba qozongan nomzod Fransiya prezidenti deb e’lon qilinadi va Elisey saroyida Fransua Olland o‘rnini egallaydi. Ma’lumki, reytingining to‘xtovsiz pasayishi Ollandning ikkinchi muddatga nomzodini ilgari surmasligiga sabab bo‘ldi.

Shunday qilib, 22 aprelga o‘tar kechasi saylovoldi sokinlik kuni qoidasi joriy etiladi.

Shu lahzadan boshlab ovoz berish uchastkalari yopilguniga qadar, O‘zbekistonda bo‘lgani kabi "xususiy yoki to‘liq prognozlar e’lon qilinishi, tarqatilishi yoxud izohlanishi mumkin emas", ya’ni ekzit pollarga ruxsat berilmaydi.

Ekzit pollar (ovoz berishda qatnashganlardan kimga ovoz berganligini so‘rash)ni to‘liq taqiqlash 2012 yilgi saylovlarda ilk bor qo‘llanildi. Mazkur qonunga rioya qilinishini Oliy audiovizual kengash ekspertlari hamda ijtimoiy so‘rovlar bo‘yicha maxsus komissiya nazorat qiladi.

Saylov haqidagi ma’lumotlarni saylov kuni yodga olish va eslatish jurnalistlarning shaxsiy yozishmalarida ham taqiqlangan. Bu taqiq nafaqat mahalliy, balki xorijiy OAVga ham tegishlidir.

Mazkur taqiqni buzganlarga esa katta miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan. Xususan, jismoniy shaxslarga 75 ming evro, OAV tahririyatlariga 375 ming evro jarima solinishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fransiyada prezidentlik saylovoldi kampaniyasi qizg‘in pallasiga kirdi