Xantavirus bilan bog‘liq holatlar kengayib bormoqda: AQSH va Fransiyada aniqlandi

Xantavirus bilan bog‘liq yangi holatlar AQSH va Fransiyada ham qayd etildi. Virus tarqalgan MV Hondius kruiz kemasi atrofidagi vaziyat xalqaro miqyosda jiddiy nazoratga olinmoqda.
AQSHda mazkur kemada bo‘lgan 17 nafar amerikalikdan birida xantavirus testi musbat chiqqan. Yana bir yo‘lovchida yengil kasallik alomatlari kuzatilgani ma’lum qilindi. AQSH Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ikki nafar fuqaro maxsus izolyatsiya sharoitida samolyot orqali tashilgan.
Evakuatsiya qilingan barcha yo‘lovchilar maxsus yuqumli kasalliklar markaziga joylashtirilishi aytilmoqda. Mutaxassislar ularning salomatligini doimiy nazorat ostiga olgan.
Fransiyada ham kruiz kemasida bo‘lgan ayoldan virus aniqlangan. BFMTV tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Stefani Rist ushbu holatni tasdiqlagan. Bemor yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan bo‘lib, u bilan muloqotda bo‘lgan 22 kishi kuzatuvga olingan.
Avvalroq Ispaniyada ham MV Hondius kemasidan 94 kishi evakuatsiya qilingan edi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha sakkiz nafarda xantavirus tasdiqlangan. Uch kishi vafot etgan, yana bir bemor esa Yoxannesburgdagi shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!