Hindistonda 16 yoshli o‘smirning qovog‘idan tish o‘sib chiqdi

Hindistonda shifokorlar 16 yoshli o‘smirning ko‘z kosasi yuqori qismida o‘sgan tishni aniqlashdi. G‘ayrioddiy holatda uning chap qovog‘i shishib, bir necha oydan keyin teri orasidan tishga o‘xshash ikkita o‘tkir uchli jism chiqib qolgan. Bu haqda Medical Daily nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘smir Maduray shahridagi Aravind ko‘z kasalxonasiga murojaat qilgan. Shish og‘riqsiz bo‘lgan, ammo teri orasidan qattiq jismlar chiqqach, mutaxassislar buning sababini aniqlashga kirishgan.

Dastlab shifokorlar bu holatni tish yoki soch kabi to‘qimalarni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan o‘sma yoki ko‘z qovog‘iga kirib qolgan begona jism bilan bog‘lashgan. Biroq kompyuter tomografiyasi tekshiruvi ko‘z kosasining yuqori qismida bitta tish o‘sganini ko‘rsatgan.
Ma’lum bo‘lishicha, teri orasidan chiqqan ikkita o‘tkir uchli jism alohida tishlar emas, balki bitta tishning qismlari bo‘lgan. Shifokorlar uni muvaffaqiyatli olib tashlashgan.

Holat haqidagi ilmiy hisobot avval internetda e’lon qilingan, keyinchalik Ophthalmology jurnalida chop etilgan. Shifokor Megana Tanvarning ta’kidlashicha, bu ko‘z kosasining yuqori qismida ektopik tish o‘sishi bilan bog‘liq ilk va yagona qayd etilgan holat hisoblanadi.






























Izohlar 0
…