Robot 6200 metrlik Chimboraso vulqoni cho‘qqisiga chiqdi, navbat Everestga

Robot 6200 metrlik Chimboraso vulqoni cho‘qqisiga chiqdi, navbat Everestga

Texnologiya olamida yana bir muhim voqea sodir bo‘ldi. Pemba nomli gumanoid robot Ekvadorda joylashgan Chimboraso vulqoni cho‘qqisiga muvaffaqiyatli ko‘tarilib, 6200 metr balandlikdagi tog‘ni zabt etdi. Bu haqda “Mir24.tv” ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur robot yuqori tog‘ sharoitida muvaffaqiyatli harakatlanib, ekstremal muhitda faoliyat yurita oladigan robototexnika imkoniyatlarini amalda sinovdan o‘tkazdi. Ekspeditsiya kelajakda dunyoning eng baland nuqtasi hisoblangan Everestga chiqish rejasining muhim bosqichlaridan biri sifatida baholanmoqda.

Loyihada qo‘llanilgan Pemba roboti takomillashtirilgan Unitree G1 modeli asosida yaratilgan bo‘lib, murakkab rel’ef va sovuq iqlim sharoitiga moslashtirilgan. Sinovlar davomida robot yengil qiyaliklarda mustaqil harakatlangan, tik va texnik jihatdan qiyin hududlarda esa ekspeditsiya a’zolari tomonidan yordam ko‘rsatilgan.

Mutaxassislar fikricha, bu sinov robot imkoniyatlarini bosqichma-bosqich kengaytirish yo‘lidagi muhim amaliy tajriba hisoblanadi.

Loyiha tashabbuskori Pablo Berlanga Boyemare ta’kidlashicha, ushbu ekspeditsiya shunchaki texnologik ko‘rgazma emas. Uning fikriga ko‘ra, kelajakda bunday robotlar ekologik monitoring, yovvoyi tabiatni kuzatish va xavfli hududlarda ma’lumot to‘plash ishlarida muhim o‘rin tutishi mumkin.

Shu maqsadda robot zamonaviy kameralar, turli sensorlar hamda sun’iy intellekt tizimlari bilan jihozlangan.

Ma’lumki, yuqori tog‘ sharoiti robotlar uchun jiddiy texnik qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Sovuq harorat, kislorod miqdorining kamligi va ob-havoning keskin o‘zgarishi batareyalar hamda elektron tizimlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli Pemba uchun maxsus issiqlik boshqaruv tizimlari va himoya mexanizmlari ishlab chiqilgan. Ular avval Xitoyning sovuq hududlarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

Chimborasodagi muvaffaqiyat insonsimon robotlar nafaqat laboratoriyalarda, balki Yer yuzining eng murakkab tabiiy sharoitlarida ham samarali ishlay olishini yana bir bor namoyon qildi.

Endilikda loyiha jamoasi robotni Himolay tog‘lari, jumladan, Everest hududiga yuborishni rejalashtirmoqda. Biroq bu tashabbus hozircha to‘liq amalga oshirilmagan. Sababi, Nepalda robotlar ishtirokidagi ekspeditsiyalarni tartibga soluvchi aniq huquqiy qoidalar hali shakllantirilmagan. Shu bois loyiha vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, tegishli me’yorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar