BMT ekspertlari qotilligi: Kongo sudi o‘lim hukmini tasdiqladi

BMT ekspertlari qotilligi: Kongo sudi o‘lim hukmini tasdiqladi

Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) harbiy sudi armiya polkovnigini o‘lim jazosiga hukm qildi. U qariyb 10 yil avval mamlakat hududida BMTning ikki nafar eksperti o‘ldirilishidagi fitnada ishtirok etgan.

2022 yilda bo‘lib o‘tgan ilk sud jarayonida polkovnik Jan de Dyo Mambveni 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. O‘sha paytda u xavf ostidagi shaxslarga yordam ko‘rsatmaslik va buyruqlarga itoat etmaslikda ayblangan. Harbiy prokurorlar ushbu qarordan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati bergan va uning javobgarligi ancha og‘ir ekanini ta’kidlagan.

Kinshasa shahridagi Oliy harbiy sud bu fikrni qo‘llab-quvvatladi. 5 iyun kuni sud Mambvenini qotillikni tashkil etish va urush jinoyatida aybdor deb topdi. Reuters agentligi va qurbonlardan birining yaqinlari ko‘rgan sud hukmiga ko‘ra, u o‘lim jazosiga mahkum etilgan. Shu bilan birga, KDRda 2003 yildan buyon o‘lim jazosi amalga oshirilmayotgani sababli, bu jazo amalda umrbod qamoqqa teng hisoblanadi.

BMT ekspertlari — shved va chililik Zayda Katalan hamda amerikalik Maykl Sharp — Kasai viloyatidagi ommaviy qotilliklarni tekshirayotgan edi. 2017 yil 12 mart kuni Moyo-Musila qishlog‘i yaqinidagi ko‘prikda ular “Kamuina Nsapu” guruhi jangarilari tomonidan to‘xtatilgan. Keyin ular o‘rmonga olib ketilib, otib tashlangan. Jasadlar 16 kundan so‘ng topilgan.

Qotillik ortida davlat manfaatlari turgan bo‘lishi mumkin

Qariyb 9 yil davom etgan sud jarayonlariga yakun yasagan ushbu qaror 2022 yilda o‘nlab jangarilarga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmlarini ham kuchda qoldirdi. Prokurorlar dastlab ishga davlat amaldorlarining aloqasi yo‘qligini bildirgan, biroq keyinchalik polkovnik va boshqa rasmiylar hibsga olingan hamda ular isyonchilar bilan hamkorlik qilgani aytilgan.

Zayda Katalanning singlisi Elizabet Morsbi sudning fitna mavjudligi haqidagi xulosasini qo‘llab-quvvatladi.

“Bu Zayda va Maykl tasodifiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lmaganini tasdiqlaydi”, dedi u.

Biroq u adolat to‘liq qaror topmaganini ham ta’kidladi. U suddagi ovozli yozuvlarga ishora qilib, Mambveni ekspertlar rasmiylarni fosh qilishi mumkinligidan xavotir bildirganini qayd etdi.

Human Rights Watch tashkiloti ham 2022 yilgi sudda muhim videodalillar e’tibordan chetda qolganini ma’lum qilgan. Unda davlat vakillari ekspertlarni pistirma joyiga yo‘naltirishda ishtirok etgani aks etgani aytilgan.

Morsbining fikricha, haqiqiy adolat faqat aybdorlarni jazolash bilan cheklanmasligi, balki jinoyatning sabablari ham to‘liq o‘rganilishi kerak.

KDR Milliy inson huquqlari komissiyasi rahbari Pol Nsapu Mukulu ham Mambveni mustaqil harakat qilganiga ishonmasligini bildirgan.

“Barcha dalillar bu voqea davlat darajasida sodir etilgan jinoyat ekanini ko‘rsatmoqda”, dedi u.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar