Kuryer talabalar o‘rniga imtihon topshirib 3 mln dollar ishladi

Buyuk Britaniyada juda katta firibgarlik sxemasi fosh etildi: talabalar nomidan imtihonlarni topshirib, kurs ishlarini tayyorlab bergan Amazon kuryeri qariyb 3,1 million dollar (2,4 million funt sterling) miqdorida daromad olgani uchun 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 43 yoshli Shahid Adnan PhD ilmiy darajasiga ega bo‘lib, kuryer sifatida ishlagani bilan birga, talabalar uchun pulli xizmatlar ko‘rsatib kelgan. U testlardan o‘tish, imtihonlarni yozib berish va kurs ishlarini tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Hatto ayrim holatlarda u bu xizmatlari uchun 18 ming dollargacha haq olgani qayd etilgan.
Jinoiy sxema 2023 yilda fosh bo‘lgan. Universitet talabalaridan biri tayyorlangan kurs ishini o‘qituvchiga topshirganidan keyin, tekshiruv jarayonida fleshkada universitet tizimiga kirish uchun login va parollar ham mavjud ekani aniqlangan.
Aynan shu orqali Adnan talabalar hisobidan tizimga kirib, ular o‘rniga ishlarni bajargani ma’lum bo‘lgan.
Tergov davomida uning uyidan katta miqdorda naqd pullar topilgan, bank hisoblarida esa 3,1 million dollardan ortiq mablag‘ saqlangani aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u butun dunyo bo‘ylab taxminan 124 nafar talaba uchun turli akademik ishlar bajargan bo‘lishi mumkin.






























Izohlar 0
…