Qirg‘iziston Qozog‘istonga yer almashish taklifi bilan chiqdi

Qirg‘iziston hukumati Qozog‘iston tomoniga teng qiymatga ega bo‘lgan yer uchastkalarini o‘zaro almashtirish taklifini ilgari surdi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidentining matbuot kotibi Askat Alag‘ozov ma’lumotlariga tayanib, 24.kg nashri xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu loyiha Chuy viloyatining To‘qmoq hududida joylashgan 800 metrlik yo‘l qismiga taalluqli hisoblanadi. Matbuot kotibining ta’kidlashicha, mazkur tashabbus amalga oshirilsa, yangi avtomobil yo‘lini barpo etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Rejaga ko‘ra, bu Almatinskaya ko‘chasidan Kemin shahrigacha cho‘ziladigan, umumiy uzunligi taxminan 150 kilometrni tashkil etuvchi pulli avtomobil yo‘li bo‘ladi.
Askat Alag‘ozovning so‘zlariga ko‘ra, bunday masalalarni siyosiy bahs va turli spekulyatsiyalar mavzusiga aylantirish to‘g‘ri emas. U bu kabi qarorlar infratuzilmani rivojlantirish va transport aloqalarini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ta’kidlash joizki, gap Bishkek—Norin—Torugart avtomobil yo‘lining Chuy daryosi bo‘ylab o‘tgan qismi haqida bormoqda. Ma’lumki, Chuy vodiysining ayrim hududlarida aynan ushbu daryo Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasidagi davlat chegarasini belgilab beradi.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida davlat chegarasini demarkatsiya qilish ishlari doirasida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Xususan, Cho‘ng‘ara va Toshtepa qishloqlari Qirg‘iziston tarkibiga o‘tgani ma’lum qilindi.
Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alag‘ozovning bildirishicha, avval O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan ushbu qishloqlarda qariyb 2,5 ming nafar etnik qirg‘iz istiqomat qiladi. Endilikda mazkur aholi Qirg‘iziston fuqaroligini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kelishuv doirasida Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonga chegara hududida joylashgan, maydoni jihatidan teng bo‘lgan yer uchastkalarini topshirgan. Shuningdek, ikki davlat Say va Tayan qishloqlari o‘rtasida yangi avtomobil yo‘lini qurish maqsadida umumiy maydoni 236 gektar bo‘lgan teng qiymatli yer maydonlarini ham o‘zaro almashtirgan.






























Izohlar 0
…