Ayiq bo‘lib ishlash uchun 15 ming dollar berishmoqda

Xitoydagi hayvonot bog‘laridan biri jamoatchilik e’tiborini tortgan noodatiy vakansiyani e’lon qildi. Yangi ish o‘rniga ko‘ra, nomzodlar qora ayiq kostyumini kiyib mehmonlarni ko‘ngilochar tarzda qarshi olishi evaziga yiliga taxminan 15 ming dollar maosh olishi mumkin.
Xenan viloyatining Luohe shahrida joylashgan yovvoyi tabiat bog‘i tomonidan berilgan e’londa aytilishicha, xodimlar qora ayiq obrazida bog‘ hududida sayr qilishi va tashrif buyuruvchilar bilan o‘ziga xos tarzda muloqot qilishi lozim.
Qiziq tomoni shundaki, “ayiqlar” mehmonlar bilan oddiy suhbat qila olmaydi. Ular faqat hayvonlarga xos tovushlar chiqarishi mumkin. Faqat favqulodda holatlarda yoki yordam zarur bo‘lganida gapirishga ruxsat beriladi.
Vakansiya erkaklar va ayollar uchun birdek ochiq bo‘lib, nomzodlardan 18 yoshdan katta va jismonan sog‘lom bo‘lishi talab etilgan. Ish vaqti kuniga olti soatni tashkil etadi, dam olish kunlari esa oyiga to‘rt marta beriladi.
Ma’muriyatning ta’kidlashicha, bu hududdagi eng erkin ish o‘rinlaridan biri hisoblanadi. Xodimlar charchagan payti dam olishi, xohlasa sakrashi, raqsga tushishi, daraxtga chiqishi yoki boshqa qiziqarli harakatlar qilishi mumkin.
Shuningdek, mehmonlar tomonidan taklif etilgan yegulik va ichimliklarni rad etmaslik ham vazifalar qatoriga kiritilgan.
Hayvonot bog‘i rahbariyati bu ish ekstravertlar uchun ham, introvertlar uchun ham mos kelishini aytmoqda. Chunki bu yerda odamlar bilan uzoq suhbat qurish yoki rasmiy muloqot qilish talab etilmaydi.
E’lon ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalganidan so‘ng vakansiya katta qiziqish uyg‘otdi. Qisqa vaqt ichida 100 dan ortiq nomzod ariza topshirgan va barcha bo‘sh ish o‘rinlari to‘ldirilgan.






























Izohlar 0
…