40 yil faqat kartoshka yegan ayolning hayoti o‘zgardi

Buyuk Britaniyalik 42 yoshli Reychel Xoll 40 yil davomida deyarli faqat kartoshka iste’mol qilib yashagan. Uning aytishicha, meva va sabzavotlarni og‘ziga yaqinlashtirishi bilanoq qayt qilish hissi paydo bo‘lar, yangi taomlarni yutish esa deyarli imkonsiz edi.
Ayolning kundalik ovqati asosan kartoshka fri, pishirilgan kartoshka, kartoshka pyuresi va ba’zi hollarda tovuq go‘shtidan iborat bo‘lgan. Hatto tug‘ilgan kunlari va Rojdestvo bayramida ham uning dasturxonida kartoshka pyuresi bo‘lgan.

Reychel bu holat bolaligidan boshlanganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qattiq ovqatlarga o‘ta boshlagan paytdanoq u ko‘plab mahsulotlarni qabul qila olmagan. Tortni tomosha qilishni yaxshi ko‘rgan, ammo uni yeyish fikrining o‘ziyoq ko‘nglini aynishiga sabab bo‘lgan.
Bir necha oy avval shifokorlar unda xolesterin miqdori yuqori ekanini aniqlagandan keyin, ayol muammoni hal qilishga qaror qilgan. U mutaxassisga murojaat qilib, ARFID — ovqatlanishdan qochish va cheklash bilan bog‘liq buzilish tashxisini olgan.
So‘ngra u sakkiz seans gipnoterapiyadan o‘tgan. Davolanishdan keyin Reychel ilk bor meva, sabzavot va turli xil taomlarni bemalol iste’mol qilishni boshlagan.

“Hozir banan va qulupnayni juda yaxshi ko‘raman. Yaqinda hayotimda birinchi marta tuxumli sendvich tatib ko‘rdim va u juda mazali ekan. Endi o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman, sog‘lom ovqatlanayapman va energiyam ham ko‘paydi”, degan u.
Ayolning ta’kidlashicha, u yillar davomida faqat “xavfsiz” deb bilgan mahsulotlar bilan cheklanib kelgan. Endi esa turli rangdagi va yangi ta’mlarga boy taomlarni sinab ko‘rishdan zavq olmoqda.






























Izohlar 0
…