Erkak sep va vazn mojarosi ortidan xotinini bo‘g‘ib o‘ldirdi

Hindistonning Karnataka shtatida sep mojarosi va oilaviy zo‘ravonlik fojia bilan yakunlandi. Mahalliy OAVlar ma’lum qilishicha, erkak 29 yoshli rafiqasini sep talabi hamda uning tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq muntazam haqoratlar ortidan bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Qayd etilishicha, marhuma Priyanka Kamalakar 2024 yilda Basavaraj Vaddarga turmushga chiqqan. Dastlab er-xotinning oilaviy hayoti tinch kechgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan ular o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib borgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Basavaraj va uning qarindoshlari Priyankadan ota-onasidan qo‘shimcha pul hamda tilla taqinchoqlar olib kelishni talab qilib kelgan. Bu talablar bajarilmagani uchun ayolga nisbatan muntazam ravishda ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilgan.

Shuningdek, gumonlanuvchi rafiqasini vazni sabab tez-tez kamsitib, uni ortiqcha semiz ekani va farzand ko‘ra olmasligini aytib haqorat qilgan. Manbalarga ko‘ra, bu holat er-xotin o‘rtasida doimiy kelishmovchilik va janjallarga sabab bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 29 iyun kuni kechqurun Xanasi qishlog‘idagi uyda navbatdagi oilaviy mojaro kelib chiqqan. Tergovning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, janjal vaqtida Basavaraj rafiqasini bo‘g‘ib o‘ldirgan. Shuningdek, u jinoyat izlarini yashirishga uringan bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan qasddan odam o‘ldirish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Politsiya Basavaraj Vaddar hamda uning uch nafar qarindoshi — Renavva, Subhash va Siddarameshni hibsga olgan.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






























Izohlar 0
…