96 yoshli buvi shovqinli ziyofatlari bilan mashhur bo‘ldi

AQSHda 96 yoshli Lillian Droniak qariyalar uyida muntazam uyushtirgan tungi ziyofatlari sabab ma’muriyatdan rasmiy ogohlantirish oldi. Bu haqda The People nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qariyalar uyi rahbariyati ayolga qo‘shnilarning bir necha bor tushgan shikoyatlari asosida rasmiy xat yuborgan. Ma’muriyatning ta’kidlashicha, muassasada muntazam shovqinli bazmlar o‘tkazish hamda boshqa yashovchilarni spirtli ichimliklar bilan mehmon qilish ichki tartib-qoidalar va xavfsizlik talablariga zid hisoblanadi.
Lillian Droniak esa bu qarordan norozi ekanini bildirib, qariyalar uyida yashash uchun har oy 12 ming dollar to‘lashini aytgan.
«Istagan ishimni qila olaman. Bugun kechqurun yana dugonalarim keladi — ichamiz, g‘iybat qilamiz. Men bazmlarni yaxshi ko‘raman va meni to‘xtatib bo‘lmaydi», — degan u.
Oradan ko‘p o‘tmay, Droniakning vakili vaziyat ijobiy hal etilganini ma’lum qildi. Unga xonasida kechgacha mehmon qabul qilishga ruxsat berilgan. Biroq spirtli ichimliklar ulashishga oid taqiq o‘z kuchida qolgan.
Qayd etilishicha, Lillian Droniak 2021 yildan buyon ijtimoiy tarmoqlarda videolar joylab keladi va internet foydalanuvchilari orasida tanilgan. U ikki yildan buyon qariyalar uyida yashaydi. Droniak birinchi marta 2024 yilda oyog‘ini sindirib olgach, mazkur muassasaga ko‘chib o‘tgan. 2026 yilning mart oyida esa u qariyalar uyida o‘zining 96 yoshini nishonlagan.






























Izohlar 0
…