Makron turgan mehmonxona yaqinida portlashlar yuz berdi

Suriya poytaxti Damashq shahrida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron joylashgan mehmonxona yaqinida bir nechta portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda xavfsizlik manbasiga tayanib Reuters agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mehmonxona atrofida bir necha kuchli portlash ovozlari eshitilgan va osmonga qalin tutun ko‘tarilgan. Hodisadan so‘ng xavfsizlik xizmatlari zudlik bilan hududni o‘rab olgan, yo‘llar vaqtincha yopilgan hamda qo‘shimcha xavfsizlik choralari joriy etilgan.
Shu bilan birga, Yelisey saroyi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, portlashlar Fransiya prezidenti korteji harakatlanayotgan vaqtda eshitilmagan. Makronga hamrohlik qilayotgan Reuters jurnalisti ham davlat rahbari ishtirok etgan ertalabgi tadbirlar davomida hech qanday portlash ovozini eshitmaganini bildirgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, Emmanuel Makron Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara’a bilan prezident saroyida rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Shu tariqa u 2024 yilda Ahmad ash-Shara’a boshchiligidagi «Hayat Tahrir ash-Shom» guruhi Bashar Asad hokimiyatini ag‘darganidan keyin Suriyaga tashrif buyurgan Yevropaning birinchi davlat rahbariga aylandi.
Suriya rasmiylarining ma’lum qilishicha, portlashlar oqibatida jami 18 kishi, jumladan, to‘rt nafar politsiya xodimi jarohat olgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yonayotgan avtomobil va hodisa joyidan ko‘tarilgan tutun aks etgan.
Suriya xavfsizlik xizmati manbasining Agence France-Presse agentligiga ma’lum qilishicha, portlovchi qurilmalardan biri chiqindi qutisiga, ikkinchisi esa Four Seasons mehmonxonasi yaqinida to‘xtab turgan avtomobilga joylashtirilgan.
Hozircha hodisa oqibatida halok bo‘lganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Shuningdek, portlash uchun mas’uliyatni hech qaysi qurolli guruh yoki tashkilot o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Tergov va surishtiruv ishlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…