Fransiyada Ebola aniqlangan ilk bemor sog‘ayib, shifoxonadan chiqdi

Fransiyada Ebola virusi aniqlangan ilk bemor muvaffaqiyatli davolanib, shifoxonadan chiqarildi. Bu haqda France 24 nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bemor Kongo Demokratik Respublikasida faoliyat yuritgan shifokor bo‘lib, u joriy yilning 23 iyun kuni Fransiyaga qaytganidan so‘ng topshirgan tahlillarida Ebola virusi aniqlangan. Shundan keyin u darhol maxsus tibbiyot muassasasiga yotqizilib, qat’iy nazorat ostida davolanishni boshlagan.
Fransiya sog‘liqni saqlash idoralari shifokor to‘liq sog‘ayganini ma’lum qildi. U 5 iyul kuni shifoxonadan chiqarilib, uyiga javob berilgan. Mazkur holat Fransiya hududida qayd etilgan Ebola virusining ilk tasdiqlangan holati hisoblanadi. Avvalroq, 2014 yilda G‘arbiy Afrikadagi epidemiya davrida ikki nafar bemor Fransiyaga olib kelingan edi, biroq ularga tashxis mamlakat tashqarisida qo‘yilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shifokor Fransiyaga Air France reysi orqali yetib kelgan. Unda bosh og‘rig‘idan tashqari kasallikning deyarli boshqa alomatlari kuzatilmagan. Ehtiyot chorasi sifatida u bilan bir samolyotda uchgan yana besh yo‘lovchi ham kuzatuvga olinib, vaqtincha izolyatsiya qilingan.
Shifokor faoliyat yuritadigan Xalqaro tibbiy harakatlar alyansi bemor tashkilot xodimlaridan biri ekanini tasdiqladi. Tashkilot tartibiga ko‘ra, Ebola bilan kasallangan bemorlar bilan ishlagan gumanitar xodimlar odatda uch hafta davomida karantinda bo‘ladi.
So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida 15 may kuni boshlangan Ebola epidemiyasi davomida virus 1 561 nafar kishida tasdiqlangan. Ulardan 506 nafari kasallik oqibatida vafot etgan.






























Izohlar 0
…