JCH-2026dagi siyosiy mojaro: Tramp hammasini tan oldi...

Jahon chempionati atrofidagi siyosiy va sport mojarosi kutilmagan burilish oldi. AQSH prezidenti Donald Tramp FIFA prezidenti Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilib, milliy jamoa hujumchisi Folarin Balogunning qizil kartochkasini bekor qilishni so‘raganini rasman tan oldi.
Avvalroq Xalqaro futbol federatsiyasi shov-shuvli tarzda amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasini bir yilga kechiktirib, unga Belgiyaga qarshi 1/8 final o‘yinida qatnashish imkonini bergan edi. Zamin.uz ushbu shov-shuvli voqeaning eng qizg‘in tafsilotlarini taqdim etadi.
«Qizil kartochka nimaligini ham bilmasdim»: Trampning samimiy iqrori
6 iyul kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot qilgan Donald Tramp vaziyat yuzasidan bayonot berdi. Uning fikricha, turnirning 1/16 finalida Bosniya va Hersegovinaga qarshi kechgan o‘yinda (2:0) Balogunni maydondan chetlatish uchun hech qanday asos bo‘lmagan:
Vaziyat haqida: «Men epizodni ko‘rdim. O‘zim yaxshi sportchi bo‘lganman, sportni tushunaman. U yerda fol yo‘q edi. Shunchaki ikki baquvvat yigit katta tezlikda to‘qnashib ketgan».
Hakam haqida: Tramp o‘yin hakamining qarorini «juda shubhali» deb atadi va uning tarixi surishtirilsa, savollar tug‘ilishini aytdi.
Qoidalar haqida: Prezident futbol qoidalarini yaxshi tushunmasligini yashirmadi: «Men qizil kartochka nimaligini ham bilmasdim. Ammo hali o‘ynalmagan o‘yin uchun jazolash – haddan tashqari adolatsizlik».
Tramp FIFA rahbari Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilganidan so‘ng, uni endi «o‘n karra ko‘proq hurmat qilishini» bildirdi. Shuningdek, u JCH-2026 AQSHda aynan uning sharofati bilan o‘tayotganini ta’kidladi: «U vaqtda Bayden uxlayotgandi», — deya qo‘shimcha qildi AQSH rahbari.
«Men FIFA adolatiga ishonaman»: Infantino o‘zini oqlamoqda
Butun dunyo bo‘ylab keskin tanqidlarga uchragan va iste’fosi talab qilinayotgan Janni Infantino uchun Trampning bu iqrori noxush syurpriz bo‘ldi. FIFA rahbari darhol rasmiy murojaat e’lon qilib, lobbizm bo‘yicha shubhalarni rad etishga urindi:
Infantino AQSH prezidenti unga qo‘ng‘iroq qilganini tan oldi, biroq buni «odatiy amaliyot» deb atadi. Unga dunyoning ko‘plab davlat rahbarlari va hukumat amaldorlari muntazam qo‘ng‘iroq qilib turishini aytdi.
FIFA rahbarining ta’kidlashicha, tashkilotning intizomiy va sud organlari mutlaqo mustaqil bo‘lib, u ularning qaroriga ta’sir o‘tkaza olmaydi va Balogun haqidagi qarorni ular e’lon qilgandagina o‘qigan.
Siyosiy bosim AQSHni baribir qutqarib qolmadi
6 iyul kuni Xalqaro futbol federatsiyasi Balogunning diskvalifikatsiyasini amalda bekor qilib, unga bir yillik sinov muddati berdi. Vaholanki, reglament bo‘yicha u kamida ikkita o‘yindan chetlatilishi ko‘zda tutilgan edi.
Biroq, bunday misli ko‘rilmagan siyosiy lobbizm AQSH terma jamoasiga yordam bermadi. Tunda bo‘lib o‘tgan 1/8 final bahsida Folarin Balogun Belgiyaga qarshi maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa o‘ynadi. U raqib darvozasiga uch bor zarba berdi, ammo birorta ham gol ura olmadi.
AQSH milliy jamoasi esa Belgiyaga yirik — 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi va o‘z uyidagi jahon chempionatini sharmandalarcha tark etdi.































Izohlar 0
…