Avstraliyada graffitichi ko‘prik minorasiga ulkan qush rasmini chizdi

Avstraliyaning Melburn shahrida noodatiy voqea sodir bo‘ldi. Graffiti rassomi 140 metr balandlikdagi Bolte Bridge ko‘prigining minorasiga chiqib, unga ulkan multfilm qushi tasvirini chizgani uchun politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shahar markaziga yaqin joylashgan ko‘prikdan Instagram'da tarqatilgan videolarda erkak minoraning eng yuqori qismida oyoqlarini osiltirgan holda o‘tirgani aks etgan. Keyingi postlarida u Avstraliyada soliqlarni kamaytirishni talab qilgan hamda pastga tushishi uchun unga dron orqali yeryong‘oq yog‘li sendvich (peanut butter sandwich) yetkazib berishni so‘ragan.
Uning ushbu talablari politsiya bilan muzokaralarga sabab bo‘lgan. Natijada ko‘prikning bir harakatlanish yo‘lagi vaqtincha yopilib, ishga ketayotgan haydovchilar harakatida jiddiy tirbandlik yuzaga kelgan.
Viktoriya politsiyasi serjanti vazifasini bajaruvchi Pol Xoganning ma’lum qilishicha, 22 yoshli erkak minoradan pastga tushgach, darhol hibsga olingan.

«Erkak tashqi devorga aerozol bo‘yoq bilan tasvir chizgan. Hodisa davomida u politsiyaning pastga tushish haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan», dedi u.
Politsiya bayonotiga ko‘ra, voqea joyiga patrul xodimlari, avtomobil yo‘llari politsiyasi, maxsus tezkor javob guruhi, Qidiruv-qutqaruv xizmati hamda Suv politsiyasi kabi bir qator kuch va vositalar jalb qilingan.
Ko‘prikda chizilgan graffiti Melburnda so‘nggi yillarda o‘nlab binolarda paydo bo‘lgan mashhur Pam the Bird qushi tasviriga juda o‘xshash ekani aytilmoqda. Bu ramz hatto shaharning tarixiy Flinders Street temir yo‘l vokzali devorlarida ham paydo bo‘lgan.
Politsiya erkakning oxir-oqibat nima sababdan pastga tushganiga aniqlik kiritmagan. Biroq Instagram sahifasida «Dronni sendvichsiz uchirib kelishga qanday jur’at qilishdi», degan hazilomuz izoh ham qoldirilgan. Bu esa voqeaga ijtimoiy tarmoqlarda yanada katta qiziqish uyg‘otdi.






























Izohlar 0
…