Ajrashgandan keyin taqiladigan «ajralish uzuklari» trendga aylandi

So‘nggi vaqtlarda dunyoda ayollar orasida «ajralish uzugi» (divorce ring) deb ataluvchi yangi trend keng ommalashmoqda. Endi ko‘plab ayollar nikoh uzugini sotish yoki qutiga solib qo‘yish o‘rniga, uni qayta ishlatib, hayotning yangi bosqichini anglatuvchi yangi taqinchoqqa aylantirmoqda.
Floridada yashovchi bloger Deb Marino ham shunday qaror qabul qildi. U nikoh uzugidagi olmosni saqlab qolib, unga qizini ifodalovchi sapfir toshini qo‘shdirgan. Yangi uzukni tayyorlash uchun taxminan 3 ming dollar sarflangan.
«Men uni shunchaki qutiga solib qo‘yishni istamadim. Olmoslar juda qimmatbaho», deydi u.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, nikoh uzuklarining qayta sotish qiymati odatda dastlabki narxining taxminan 30 foizini tashkil etadi. Shuning uchun ko‘pchilik eski taqinchoqqa yangi hayot bag‘ishlashni afzal ko‘rmoqda.
Buyuk Britaniyadagi Amicable kompaniyasi hammuassisi Keyt Deylining fikricha, bunday uzuklar nafaqat yangi hayot, balki moliyaviy mustaqillik ramzi ham hisoblanadi. Uning aytishicha, ajralishdan keyin ayolning o‘z mablag‘iga o‘zi uchun qimmatbaho buyum sotib olishi mustaqil qaror qabul qilishining ifodasidir.

Uelslik Seri Evans esa ajrashganidan keyin o‘z mablag‘iga platina va olmosdan yasalgan yangi uzuk xarid qilgan. U bu uzukni hazil tariqasida «mustaqillik deklaratsiyam» deb ataydi.
Pensilvaniyalik Aleks Proi ham nikoh uzugidagi oltin va olmoslardan yangi dizaynda uzuk yasatgan. Uning aytishicha, bu taqinchoq unga hayotni noldan boshlab, qiyinchiliklarni yengib o‘tganini eslatib turadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu mavzu faol muhokama qilinmoqda. Ayrimlar nikoh uzugini saqlab qo‘ysa, boshqalar uni sotadi yoki umuman tashlab yuboradi. Biroq ko‘pchilik ajralishdan keyin yangi hayot boshlanganini ramziy tarzda nishonlash uchun o‘zini yangi uzuk, sayohat yoki boshqa sovg‘a bilan xursand qilishni tanlamoqda. Bu esa «ajralish uzugi» dunyoda tobora ommalashayotgan yangi an’anaga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.






























Izohlar 0
…