Basketbol turniridagi otishma mashhur sportchi hayotiga zomin bo‘ldi

AQSHning Nyu-York shahrida o‘tkazilayotgan basketbol turniri fojiali voqea bilan yakunlandi. Joriy yilning 10 iyul kuni kechasi amerikalik basketbolchi Kayna Rochford o‘yinlar oralig‘idagi tanaffus vaqtida yuz bergan otishma oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda politsiya ma’lumotlariga tayanib, New York Post gazetasi xabar berdi.
Huquq-tartibot idoralari ma’lum qilishicha, 35 yoshli sportchi bosh qismiga o‘q tekkanidan so‘ng voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, otishma Rochfordning boshqa bir erkak bilan yuzaga kelgan janjali ortidan sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida yana ikki nafar fuqaro turli darajada jarohat olgan. Ular shifoxonaga olib borilgan bo‘lib, shifokorlar ularning ahvolini barqaror deb baholamoqda.
Nashrning yozishicha, Kayna Rochford Nyu-Jersidagi Ferli Dikinson universitetining eng yorqin va iqtidorli basketbolchilaridan biri bo‘lgan. U Lennoks avenyusidagi “Martin Lyuter King” turarjoy majmuasida o‘tkazilayotgan Kingdome Basketball Tournament musobaqasi davomida mahalliy vaqt bilan taxminan soat 22:30 atrofida boshidan o‘q yegan.
Qo‘shnilardan birining so‘zlariga ko‘ra, Rochford ikki o‘g‘il va bir qiz farzandli oilada voyaga yetgan. Uning ota-onasi esa bir necha yil avval Trinidaddan AQSHga ko‘chib kelgan.
Nyu-York shahri meri Zohran Mamdani ushbu qotillikni keskin qoralab, X ijtimoiy tarmog‘ida Rochfordning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. U o‘z bayonotida bu kabi mantiqsiz zo‘ravonliklar jamiyatda o‘rin olmasligi kerakligini ta’kidladi.
Kayna Rochford faoliyati davomida bir qator xorij klublari sharafini himoya qilgan. Jumladan, u Niderlandiya, Isroil, Fransiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda professional basketbolchi sifatida to‘p surgan.






























Izohlar 0
…