NASA Marsda yashash tajribasi uchun ko‘ngillilar tanlovini boshladi

AQSHning Koinot agentligi — NASA Oy va Marsdagi hayotni taqlid qiluvchi noyob ilmiy loyiha uchun to‘rt nafar ko‘ngillini tanlashini ma’lum qildi. Bir yil davom etadigan ushbu dastur ishtirokchilarga kelajakdagi koinot missiyalari sharoitida yashash imkonini beradi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, tajriba 2027 yil avgust oyida Xyuston shahridagi Jonson koinot markazida start oladi. Loyiha haqiqiy parvozni emas, balki Oy va Marsdagi turmush tarzini maxsus yaratilgan muhitda imitatsiya qilishni nazarda tutadi.
Ishtirokchilar 12 oy davomida yopiq makonda yashab, astronavtlar bajaradigan vazifalarni amalga oshiradi. Ular ekin ekish, salomatligini muntazam nazorat qilish, shuningdek, koinotga chiqish mashqlarini bajarish kabi sinovlardan o‘tadi.
Mutaxassislar ushbu loyiha orqali inson organizmining uzoq muddatli koinot missiyalariga qay darajada tayyorligini baholashni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Marsda bir sutka Yerdagidan taxminan 40 daqiqa uzun bo‘lishi insonning biologik ritmiga qanday ta’sir qilishi ham o‘rganiladi.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
Tanlovda AQSH fuqarolari yoki doimiy yashash huquqini beruvchi Green Card egalari qatnashishi mumkin. Nomzodlar 30–55 yosh oralig‘ida bo‘lishi, bo‘yi 1,88 metrdan baland bo‘lmasligi va ingliz tilini yaxshi bilishi talab etiladi.
Bundan tashqari, muhandislik, biologiya, fizika yoki matematika sohasida bakalavr darajasiga ega bo‘lganlar ustunlikka ega bo‘ladi. Ilmiy faoliyat yoki harbiy xizmat tajribasiga ega nomzodlarning arizalari ham alohida ko‘rib chiqiladi.
Tajriba qanday o‘tadi?
Loyiha uch bosqichdan iborat bo‘ladi. Dastlab ishtirokchilar koinot kemasiga o‘xshatib qurilgan maxsus modulda yashaydi. Keyin esa Mars yuzasiga o‘xshash muhitga ko‘chirilib, ekin ekish va tashqi muhitda ishlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni bajaradi. Yakuniy bosqichda esa ular yana koinot kemasi muhitiga qaytib, Yerga «qaytish» jarayonini simulyatsiya qiladi.
NASA ta’kidlashicha, mazkur tadqiqot kelajakda Oy va Marsga insonli missiyalarni yanada xavfsiz tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.






























Izohlar 0
…