Insondan ham tez: bu o‘rgimchakdan qochib qutulish imkonsiz ekan

Ko‘pchilik o‘rgimchaklarni ko‘rishi bilanyoq qo‘rquv his qiladi. Endi esa olimlar aniqlagan yangi ma’lumot araxnofoblar uchun yanada xavotirli eshitilishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, dunyodagi eng tezkor o‘rgimchak ba’zi holatlarda o‘rtacha insondan ham tezroq harakatlana oladi.
Tadqiqotchilar turli mamlakatlarda uchraydigan 258 turdagi o‘rgimchakni laboratoriya sharoitida kuzatib, ularning harakat tezligini taqqosladi. Tahlillar natijasida eng yuqori ko‘rsatkich Avstraliyaning Kvinslend hududida yashaydigan ovchi o‘rgimchakka tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislar qayd etishicha, mazkur tur soniyasiga 3,6 metrgacha tezlikda yugura oladi. Bu esa soatiga qariyb 13 kilometr tezlikka teng bo‘lib, ko‘pchilik odamlarning odatiy yugurish sur’atidan yuqori hisoblanadi.
Avvalroq Marokashda uchraydigan flik-flak o‘rgimchagi eng tezkor tur sifatida e’tirof etilib kelinar edi. Biroq olimlar uning harakatlanish uslubi odatiy yugurish emas, balki akrobatik aylanishlar orqali amalga oshishi sababli bu natijani to‘liq adolatli deb hisoblamadi. Shu bois yangi tadqiqotda barcha turlar bir xil sharoitda baholandi.
Izlanishlar yana bir qiziq xulosani ham ko‘rsatdi. Olimlar fikricha, o‘rgimchaklarning tezligi asosan uzun oyoqlari bilan bog‘liq. Biroq tana o‘lchami haddan tashqari kattalashib, qorin qismi og‘irlashsa, bu ularning harakatlanish tezligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassislar ushbu natijalar nafaqat o‘rgimchaklarning evolyutsiyasi va harakat mexanikasini yaxshiroq anglash, balki kelajakda yuqori tezlikda harakatlanuvchi robot tizimlarini yaratishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…