G‘avvos nega dengiz yulduziga ukol qilmoqda?

G‘avvos nega dengiz yulduziga ukol qilmoqda?

Dengiz tubida g‘avvosning dengiz yulduziga ukol qilayotgani aks etgan videolarni ko‘rgan ko‘pchilik uni davolayapti, deb o‘ylaydi. Aslida esa vaziyat butunlay boshqacha.

Odatdagi dengiz yulduzlari dengiz ekotizimida muhim o‘rin tutadi. Ular mollyuskalar, dengiz tipratikanlari va ayrim mayda dengiz jonzotlari bilan oziqlanib, ularning sonini tabiiy muvozanatda ushlab turadi. Qizig‘i shundaki, dengiz yulduzlarida na miya va na qon bo‘ladi. Ularning tanasida dengiz suvi aylanib yuradi, harakat va boshqa hayotiy jarayonlarni esa nerv tugunlari boshqaradi.

Mutaxassislar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratadi: agar dengiz yulduziga duch kelsangiz, uni qo‘lingiz bilan ushlamaslik tavsiya etiladi. Suvdan chiqarilganda u nafas olish imkonidan mahrum bo‘lib, qisqa vaqt ichida zararlanishi mumkin.

Biroq videodagi jonivor oddiy dengiz yulduzi emas. U “Tikanli toj” (Crown-of-thorns starfish) deb ataladigan, zaharli tikanlarga ega yirtqich tur hisoblanadi. Ushbu dengiz yulduzi marjon riflari bilan oziqlanadi. Agar uning soni keskin ko‘payib ketsa, qisqa vaqt ichida katta marjon riflariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Shu sababli g‘avvoslar ularni nazorat qilish uchun maxsus usuldan foydalanadi. Ular aynan shu turdagi dengiz yulduziga sirka eritmasini ukol qiladi.

Insonlar kaftida va suv tubida turli dengiz yulduzlarini ushlab turishibdi.

Buning sababi oddiy: sirka “Tikanli toj” dengiz yulduzini tezda nobud qiladi, biroq atrofdagi marjon riflari va boshqa dengiz jonzotlariga deyarli zarar yetkazmaydi. Bundan tashqari, bu usul arzon, ekologik jihatdan nisbatan xavfsiz va amaliyotda samarali deb hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar