Janubiy Koreya yangi viza ochdi: kimlar 3 yil yashay oladi?

Janubiy Koreya yangi viza ochdi: kimlar 3 yil yashay oladi?

Janubiy Koreya xorijlik mutaxassislar uchun yangi imkoniyat yaratdi. Mamlakat hukumati masofadan turib ishlaydigan xorijliklar, ya’ni «raqamli ko‘chmanchilar» uchun mo‘ljallangan F-1-D (Nomad) vizasini rasman joriy qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, ushbu viza egalari Janubiy Koreyada yashagan holda xorijdagi kompaniyasi uchun masofadan ishlashda davom etishi mumkin. Bu viza mamlakat ichida ishga joylashishni talab qilmaydi va aynan ish hamda sayohatni uyg‘unlashtirishni istaganlar uchun mo‘ljallangan.

Avval F-1-D vizasi 2024 yil yanvaridan 2026 yil mayigacha sinov tariqasida amal qilib kelgan. Endi esa hukumat uni doimiy asosda va soddalashtirilgan shartlar bilan berishga qaror qildi.

Yangilangan qoidalarga muvofiq, ariza beruvchilar uchun daromad bo‘yicha talablar ham yengillashtirildi. Endi talabgorning yoshi, yashashni rejalashtirayotgan hududi hamda aholi kamayib borayotgan mintaqalarga ko‘chish niyati hisobga olinadi. Masalan, 18–34 yoshli va Seul, Incheon hamda Kyongi hududlaridan tashqarida yashashni rejalashtirgan xorijliklar o‘tgan yilgi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi milliy daromad miqdoriga teng daromadga ega bo‘lsa, ushbu vizani olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 36 963 AQSH dollarini tashkil etgan.

Janubiy Koreya adliya vaziri Jung Sung Honing ta’kidlashicha, mazkur dastur mamlakatga kreativ va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish, ularni Koreya hayoti bilan yaqindan tanishtirish hamda kelajakda mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga undash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Yana bir muhim yangilik — ushbu viza orqali mamlakatda yashashning maksimal muddati ikki yildan uch yilgacha uzaytirildi.

Ayni paytda bunday dasturni joriy etgan davlatlar soni ortib bormoqda. Estoniya, Portugaliya, Ispaniya, Qozog‘iston va Gruziya ham masofadan ishlaydigan xorijliklar uchun maxsus vizalarni taklif qilmoqda. Mutaxassislar fikricha, raqamli ko‘chmanchilar uchun raqobat kelgusi yillarda yanada kuchayishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar