Lvivda yirik to‘qnashuv: Olomon harbiy komissariat mashinasini ag‘darib tashladi

Ukrainaning Lviv shahrida safarbarlik tadbirlari tufayli mahalliy aholi va hududiy to‘ldirish markazi (TSK) xodimlari o‘rtasida ommaviy to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Sixov tumanida yuz bergan ushbu voqeada 200 ga yaqin kishi ishtirok etgan bo‘lib, vaziyat tez fursatda nazoratdan chiqib ketgan. Zamin.uz voqea tafsilotlari va Ukraina oliy rahbariyatning keskin munosabatini taqdim etadi.
Mojaro qanday boshlandi?
Lviv oblasti hududiy to‘ldirish markazi taqdim etgan versiyaga ko‘ra, voqealar quyidagicha rivojlangan:
Harbiylar Lvivda yashovchi, harbiy ro‘yxatdan o‘tish qoidalarini buzgani uchun qidiruvda bo‘lgan 1996 yilda tug‘ilgan shaxsning hujjatlarini tekshirishni boshlagan va uni ushlab, TSK binosiga olib kelishgan.
Shundan so‘ng yo‘ldan o‘tib ketayotgan odamlar TSK guruhini payqab qolib, harbiylarning ishiga aralasha boshlagan va markazning yana bir necha xodimi xizmat mashinasi yo‘lini to‘sib qo‘ygan.
Dahanaki janjal tezda to‘qnashuvga aylanib, tajovuzkor kayfiyatdagi olomon «Sharmandalik!» hayqiriqlari ostida harbiylarning xizmat avtomobiliga shikast yetkazgan va uni ag‘darib tashlagan.
Mahalliy nashrlarning yozishicha, voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari mojaroni shunchaki chetdan kuzatib turishgan va mashina ag‘darilishiga to‘sqinlik qilishmagan. To‘qnashuvlar oqibatida ikki harbiy jarohatlangan.
Kamera qarshisidagi uzrlar va hibsga olingan dezertir
Voqeadan keyin internetda tartibsizlik ishtirokchilari (ular orasida o‘smirlar ham bor) kamera qarshisida harbiylardan uzr so‘ragani va «TSKga shon-sharaflar!» deya hayqirishga majbur qilingani aks etgan videolar tarqaldi. Ukraina qurolli kuchlari rasmiylari bu holatni ishtirokchilar bilan o‘tkazilgan «tarbiyaviy suhbat» natijasi deb atashdi.

Ayni paytda Ukraina qurolli kuchlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va zo‘ravonlik ishlatish bo‘yicha ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tartibsizlikning faol ishtirokchilaridan biri — 23 yoshli Oleg Gavrilov hibsga olingan. Tergovga ko‘ra, u politsiyachiga gaz ballonchasini purkab, uni urgan. Sudda ma’lum bo‘lishicha, Gavrilov aslida oddiy askar bo‘lib, shu yilning fevral oyida o‘z harbiy qismini o‘zboshimchalik bilan tark etgan (dezertirlik qilgan).
Rasmiylar munosabati: Zelenskiy va Budanov nima dedi?
Mazkur ommaviy tartibsizlik mamlakat oliy rahbariyatining keskin bayonotlariga sabab bo‘ldi:
Volodimir Zelenskiy (Ukraina prezidenti): «Bu juda yomon holat, harbiy kiyimdagi odamlarga nisbatan juda yomon munosabat. Bunday bo‘lmasligi kerak».
Kirill Budanov (Prezident ofisi rahbari): «Agar siz bugun o‘z armiyangiz harbiy xizmatchisining kiyimlarini yirtib, kaltaklayotgan bo‘lsangiz, ertaga sizni xuddi shunday kaltaklaydigan va kiyimlaringizni yirtib tashlaydigan dushman armiyasidan kim himoya qilishini o‘ylab ko‘ring».
Ukraina Mudofaa vazirligi esa bu vaziyatdan faqatgina Rossiya tashviqoti foyda ko‘rganini (sababi videolar Rossiya OAVlarida keng tarqalgan) ta’kidlab, safarbarlik usullari «takomillashtirishni talab qilishi»ni tan oldi.
Safarbarlik tizimidagi chuqur inqiroz
Lvivdagi ushbu portlash uzoq cho‘zilgan harbiy harakatlar fonida aholi o‘rtasida to‘planib qolgan charchoq va norozilikning mahsulidir. Ukraina fuqarolari anchadan beri TSK xodimlarining ko‘chalarda erkaklarni noqonuniy ushlab, mikroavtobuslarga majburlab bosib ketish usullaridan shikoyat qilib kelishadi.
Ukraina ombudsmanining ma’lumotlari vaziyat tizimli tus olganini ko‘rsatmoqda:
Birgina 2025 yilning o‘zida hududiy to‘ldirish markazlari xodimlarining xatti-harakatlari ustidan 6 mingdan ortiq rasmiy shikoyat kelib tushgan.
Oliy Radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubines ham vaziyatdan so‘ng mamlakatga zudlik bilan davlat manfaatlarini ham, inson huquqlarini ham birdek himoya qila oladigan shaffof va adolatli safarbarlik islohoti kerakligini ochiq aytdi.































Izohlar 0
…