Qoraqalpog‘istonda jazirama tufayli bog‘chalar vaqtincha yopildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida havo haroratining keskin ko‘tarilishi munosabati bilan Nukus shahri va yana sakkiz tumandagi davlat hamda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, jazirama ob-havo sharoiti sababli shahar va tuman hokimlarining qarorlari asosida bir qator hududlardagi bog‘chalar belgilangan muddatga o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi.
Xususan, Nukus shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari 2026 yil 13 iyuldan 18 iyulgacha yopiladi. Amudaryo tumanida ushbu cheklov 13 iyuldan 15 iyulgacha amal qiladi. Beruniy, Taxiatosh, Shumanay, Mo‘ynoq, Qonliko‘l va To‘rtko‘l tumanlarida bog‘chalar 13 iyuldan 17 iyulgacha faoliyat yuritmaydi. Xo‘jayli tumanida esa ta’til muddati 13 iyuldan 18 iyulgacha davom etadi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, mazkur qaror bolalar salomatligini kuchli issiq ta’siridan muhofaza qilish, ularning xavfsizligini ta’minlash hamda ehtimoliy salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida qabul qilingan. Faoliyatni vaqtincha to‘xtatish tartibi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlarining tegishli xulosalari hamda tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, mas’ullar ota-onalarga murojaat qilib, farzandlari salomatligiga alohida e’tibor qaratishni, kunning eng issiq soatlarida ularni ochiq havoda uzoq vaqt qoldirmaslikni hamda zarur ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishni so‘radi.






























Izohlar 0
…