Pokistonda Xolida "nomus" bahonasida yaqinlari tomonidan otib o‘ldirildi

Pokistonning Xayrpur tumanida yosh ayol mahalliy qabila oqsoqollari qarori ortidan otib o‘ldirildi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Xolida ismli ayol noqonuniy munosabatda bo‘lganlikda ayblanib, "kari" deb e’lon qilingan. Shundan keyin uning bobosi va tog‘asi qabila oqsoqolining buyrug‘i bilan ayolni o‘ldirgani aytilmoqda.
Fojia 10 aprel kuni Tando Masti qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Jinoyat jarayoni videoga olinib, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Marhumaning onasi Nabul qizining qichqiriqlari hanuz qulog‘idan ketmayotganini aytdi. Otasi Muhammad Ramzan esa hodisa vaqtida Karachi yaqinidagi sement zavodida tungi smenada ishlayotgan bo‘lgan.
Xolida besh yil avval amakivachchasiga turmushga chiqqan. Eri bedarak yo‘qolgach, u ota-onasining uyiga qaytgan. Oradan besh oy o‘tib, qarindoshlari uni boshqa erkak bilan munosabatda bo‘lganlikda ayblab, mahalliy jirg‘a oldiga olib chiqqan. Aynan shu yig‘ilishda unga o‘lim hukmi chiqarilgani aytilmoqda.
Politsiya uch nafar gumondorni qo‘lga oldi, yana bir shaxs qidiruvga berildi. Ishning sudga oshirilishi kutilmoqda.
Huquq himoyachilari ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda Pokistonda kamida 470 nafar ayol "nomus uchun qotillik" qurboni bo‘lgan.































Izohlar 0
…