Rossiya benzin eksportiga cheklov muddatini yana uzaytirdi

Rossiya benzin eksportiga cheklov muddatini yana uzaytirdi

Rossiya hukumati mamlakatdan benzin eksport qilishga qo‘yilgan cheklov muddatini 2026 yil oxirigacha uzaytirishga qaror qildi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak ma’lum qildi. Uning so‘zlariga tayanib, bu haqda «Interfaks» axborot agentligi xabar berdi.

Novakning ta’kidlashicha, maxsus shtab yig‘ilishida benzin eksportini taqiqlash chorasini nafaqat mahsulot ishlab chiqarmaydigan kompaniyalar, balki benzin ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ham amal qilishini yil oxirigacha davom ettirish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Shu bilan birga, u dizel yoqilg‘isi eksportiga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlar ichki bozordagi vaziyat barqarorlashishiga qarab bekor qilinishi mumkinligini bildirdi. Uning aytishicha, bu neftni qayta ishlash zavodlarida ortiqcha mahsulot to‘planib qolmasligi va ishlab chiqarish hajmi qisqarmasligi uchun zarur hisoblanadi. Rossiya ichki bozor ehtiyojlari to‘liq ta’minlangach, dizel yoqilg‘isini yana tashqi bozorlarga eksport qilishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Aleksandr Novak mamlakatda logistika tizimidagi o‘zgarishlar sabab yonilg‘i yetkazib berishda uzilishlar kuzatilayotganini ma’lum qilgan edi. Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida hukumat 2026 yil 1 apreldan benzin, 8 iyuldan esa dizel eksportini vaqtincha taqiqlagan. Ilk qarorga ko‘ra, benzinga qo‘yilgan cheklov 31 iyulgacha amal qilishi belgilangan edi.

Ma’lum qilinishicha, Ukraina dronlarining Rossiya neft sanoati obyektlariga bergan zarbalari ortidan mamlakatda yonilg‘i bilan bog‘liq muammolar va taqchillik kuchaygan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham iyul oyi oxirida hukumat a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur muammoni tan olgan. Shu bilan birga, u vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ta’kidlagan.

Ichki bozordagi talabni qondirish maqsadida Rossiya Qozog‘istondan qariyb 50 ming tonna AI-92 markali benzin import qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Qrimdan boshlangan yonilg‘i inqirozi mamlakatning kamida 64 ta hududiga tarqalgani aytilmoqda. Bundan tashqari, Rossiya dengiz yo‘li orqali Hindistondan ham benzin import qilishni boshlagan. Mutaxassislar fikricha, mamlakatdagi yonilg‘i bilan bog‘liq vaziyat Markaziy Osiyo davlatlari bozoriga ham muayyan darajada ta’sir ko‘rsatmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar