Robotlarni boshqarishni osonlashtirmoqchi boʻlgan Enigma 70 million dollar investitsiya jalb qildi

Sunʼiy intellekt va robototexnika sohasida inqilob qilishni maqsad qilgan Enigma nomli yosh tadqiqot laboratoriyasi oʻzining yashirin rejimdan chiqqanini eʼlon qildi va seed raundida 70 million dollar miqdorida sarmoya toʻpladi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur moliyalashtirish raundi Index Ventures va Ribbit Capital boshchiligida oʻtgan boʻlib, uning asosiy maqsadi robotlarni boshqarish jarayonini xuddi musiqa ovozini sozlash kabi oson va intuitiv qilishdan iborat. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hozirgi kunda koʻplab robototexnika kompaniyalari sunʼiy intellekt uchun eng murakkab vazifalardan birini hal etishga urinmoqda. Yaʼni, mashinalarga ilgari oʻrgatilmagan amallarni bajarish imkonini beruvchi bazaviy modellarni yaratish ustida ish olib borilmoqda. Ayrimlar millionlab veb-videolarni oʻrganish yoki kompyuter simulyatsiyalaridan foydalanishsa, bir yoshga ham toʻlmagan Enigma butunlay oʻzgacha yondashuvni tanladi.
Inson va mashina oʻzaro muloqotini oʻrganish
Startap model imkoniyatlariga emas, balki insonlar robotlar bilan qanday muloqot qilishiga eʼtibor qaratmoqda. Ushbu oʻzaro taʼsir intuitiv interfeyslar hamda mutlaqo yangi turdagi robot miyasini yaratishga olib keladi, deb ishonishadi loyiha mualliflari. Insonlarning mashinalar bilan qanday muloqot qilishni xohlashini sinab koʻrish uchun kompaniya dunyodagi har bir kishiga oʻzining 100 dan ortiq sunʼiy intellekt robotlari bilan onlayn muloqot qilish imkonini beruvchi yirik miqyosdagi eksperimentni boshlamoqda.Isroil va Kaliforniyadagi angarlarda joylashgan mazkur robotlar moʻyqalam yordamida rasm chizish, qilichbozlik qilish hamda suyuqlik solingan kolbalarni aralashtirish orqali oddiy kimyoviy tajribalarni bajarish qobiliyatiga ega. Enigma oʻzining robot qoʻllari va ularning ostidagi modellarni noldan boshlab toʻliq oʻzi ishlab chiqqanini daʼvo qilmoqda.
Tajribali asoschilar va yangi yondashuv
Kompaniyaga Microsoft tarixidagi eng yosh xodim boʻlgan Jonathan va uning bolalikdagi doʻsti Gal Niv asos solgan. Ular Isroilning elita 8200-boʻlinmasida kiberxavfsizlik boʻyicha tadqiqotlar olib borgan. Oʻtgan yili oʻz startapini ochishga qaror qilgan bu yigitlar robototexnika sohasida bevosita tajribaga ega boʻlmasa-da, aynan shu yoʻnalish texnologiya olamidagi eng qiziqarli muammolarni oʻz ichiga olishiga ishonishgan.Index Ventures hamkori Shardul Shahning taʼkidlashicha, robototexnika sohasidagi koʻplab mutaxassislardan farqli oʻlaroq, Jonathan va Gal bu sohaga chetdan kelgani ularga koʻproq oʻziga xoslik va erkinlik beradi. Sanoat ichidagi mutaxassislar koʻpincha boshqaruv yoki epchillik imkoniyatlaridan boshlashsa, Enigma mutlaqo boshqa nuqtadan — yakuniy foydalanuvchi tajribasidan boshlamoqda.
Jonathan TecCrunch nashriga bergan intervyusida Enigma inson va robot oʻrtasidagi muloqotni butunlay oson qilishni maqsad qilganini taʼkidladi. Agar idishlarni yuvish uchun robotga hamma narsani qayerga qoʻyish kerakligini 15 daqiqa davomida tushuntirish kerak boʻlsa, odamlar "Mayli, buni oʻzim qilaman" degan xulosaga kelishadi. Hozirgi kunda hatto eng ilgʻor modellar bilan ham barchaning holati shunday nuqtada turibdi.






























Izohlar 0
…