Yaponiya aholisi 42 yilda ilk bor 120 milliondan kamaydi

Yaponiyada demografik inqiroz yanada chuqurlashmoqda. Mamlakat fuqarolari soni so‘nggi 42 yil ichida birinchi marta 120 millionlik chegaradan pastga tushdi. Bu haqda hukumat ma’lumotlariga tayanib Mainichi nashri xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar holatiga mamlakat fuqarolari soni 119 million 736 ming 483 nafarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 917 ming nafarga kamdir. Mutaxassislar mazkur ko‘rsatkichni 1968 yildan buyon kuzatilgan eng katta yillik qisqarish sifatida baholamoqda.
Shu bilan birga, Yaponiyada yashovchi xorijiy rezidentlar soni o‘sishda davom etmoqda. Ular soni bir yil ichida 354 ming nafarga ko‘payib, rekord daraja — 4 million 31 ming 159 kishiga yetdi. Ichki ishlar va kommunikatsiya vazirligi mazkur statistikani 2013 yildan buyon yuritib kelmoqda.
Hukumat tug‘ilish darajasini oshirish bo‘yicha turli chora-tadbirlarni amalga oshirayotganiga qaramay, mamlakatda tug‘ilishlar soni pasayishda davom etmoqda. Joriy hisobot davrida qariyb 670 ming chaqaloq dunyoga kelgan bo‘lsa, vafot etganlar soni 1 million 590 ming nafarni tashkil etdi. Bu demografik muvozanatning yanada yomonlashayotganini ko‘rsatmoqda.
Yaponiyaning 47 ta prefekturasi orasida faqat poytaxt Tokio aholisi o‘sish qayd etdi. Bu yerda fuqarolar soni 0,09 foizga ko‘paygan.
Mehnat bozorida kadrlar yetishmasligi tufayli Yaponiya xorijiy ishchilarni jalb qilish siyosatiga bosqichma-bosqich kengroq yo‘l ochmoqda. Natijada chet ellik rezidentlar soni ketma-ket to‘rtinchi yil o‘sishni qayd etdi. Ularning 86,17 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Xorijiy aholi eng tez ko‘paygan hududlar sifatida Hokkaydo, Okinava va Oita prefekturalari qayd etildi.
Umuman olganda, xorijiy rezidentlar bilan birgalikda Yaponiyaning umumiy aholisi 123 million 767 ming 642 nafarni tashkil qildi. Bu ham o‘tgan yilga nisbatan taxminan 563 ming kishiga kamdir. Aholi o‘sishi esa faqat Tokio, Chiba va Osaka prefekturalarida kuzatilgan.






























Izohlar 0
…