Xitoyda erkak 8 yillik kurashdan so‘ng orzudagi universitetga qabul qilindi

Xitoyda sobiq qorovul sakkizinchi urinishdagina nufuzli Sinhua universiteti magistraturasiga qabul qilinib, ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Endi u o‘z oldiga yanada ulkan maqsad qo‘ygan — kelajakda Garvard universitetida PhD dasturida tahsil olish. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar tarqatdi.
31 yoshli Yang Xiao bolaligidanoq Sinhua universitetida o‘qishni orzu qilgan. U 2013 yilda mamlakatdagi milliy kirish imtihoni — gaokaoni topshirib, Markaziy tasviriy san’at akademiyasi talabasi bo‘lgan. 2018 yilda ta’limni muvaffaqiyatli yakunlagach, Shenyang shahrida shaxsiy san’at maktabini ochgan. Biroq bolalik orzusi va sevgilisiga bergan va’dasi uni yana Sinhua universitetiga yetakladi. Ammo magistraturaga birinchi hujjat topshirishida u imtihondan o‘ta olmadi.
Shunga qaramasdan, Yang sevgilisiga magistraturaga qabul qilinganini aytgan, chunki keyingi yil albatta maqsadiga erishishiga ishongan. Biroq ikkinchi urinish ham omadsiz yakunlandi. Uchinchi tayyorgarlik yilida internet orqali tanishgan ayol bilan munosabat o‘rnatdi. Keyinchalik ayol kasalligi va qimor qarzlarini bahona qilib, undan muntazam mablag‘ olgan. Natijada Yang 1 million yuandan (150 ming AQSH dollaridan) ortiq mablag‘ini yo‘qotdi.
Munosabatlar tugagach, u katta qarzga botdi, magistraturaga ham kira olmadi. Ota-onasi uning qarzlarini yopishga ko‘maklashdi, san’at maktabi esa faoliyatini to‘xtatdi.
Keyingi yillarda Yang imtihonlarda bir necha bor juda oz ball bilan yiqildi. Ro‘zg‘orini ta’minlash uchun dastlab farrosh, keyin esa Sinhua universiteti xalqaro talabalar yotoqxonasida qorovul bo‘lib ishladi. Bir kuni notanish ayol farzandiga uni ko‘rsatib: «Yaxshi o‘qimasang, sen ham shu insonga o‘xshab qolasan», degan gapi Yang uchun kuchli turtki bo‘ldi.
Shundan keyin u kunduzi yashirincha universitet ma’ruzalarida qatnashdi, kechqurun esa xorijlik talabalar bilan ingliz tilini mashq qildi. Keyinchalik universitet xavfsizlik xizmati guruhi rahbari lavozimiga ko‘tarildi. Bu unga yuqoriroq maosh olish, yengilroq ishlash va o‘qishga ko‘proq vaqt ajratish imkonini berdi.
Yangning ta’kidlashicha, qorovullik faoliyati uning mehnatga va insonlarga bo‘lgan munosabatini butunlay o‘zgartirgan. Kamtarona hayot kechirganiga qaramay, u bir safar barcha jamg‘armasini ilmiy seminarda qatnashish uchun aviachiptaga sarfladi. Keyinchalik aynan shu tashrif unga bir nechta ilmiy mukofotlarni qo‘lga kiritish imkonini yaratdi.
Nihoyat, 2026 yil iyun oyida sakkiz yillik uzluksiz mehnat va sabrdan keyin Yang Sinhua universitetining San’at va dizayn akademiyasi magistraturasi talabasi bo‘ldi. Magistratura dasturi odatda uch yil davom etsa-da, u moliyaviy sabablarga ko‘ra ta’limni ikki yilda tugatishni rejalashtirmoqda. Uning eng katta orzusi esa — Garvard universitetida nomoddiy madaniy meros yo‘nalishida to‘liq moliyalashtiriladigan PhD dasturida tahsil olish.






























Izohlar 0
…