48 yildan so‘ng qabri topilgan qiz kim ekani aniqlandi

Qariyb yarim asr davomida shaxsi noma’lum bo‘lib kelgan o‘smir qiz haqidagi qotillik ishida muhim burilish yuz berdi. AQSHning Kaliforniya shtatidagi Kern okrugi huquqni muhofaza qiluvchi organlari 48 yil avval uzumzordan topilgan jasad 15 yoshli Mishel Luiza Kollerga tegishli ekanini rasman ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Mishel Luiza Koller 1978 yilning fevral oyida so‘nggi marta Fresno shahrida ko‘rilgan. Oradan bir necha oy o‘tib, o‘sha yilning iyun oyida Arvin shahri yaqinidagi uzumzorda traktor haydovchisi yerga sayyoz ko‘milgan jasadni topgan. Shundan so‘ng qotillik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, marhumaning shaxsi uzoq yillar davomida aniqlanmay qolgan.
Kern okrugi Sherif boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 1978 yilda jasad topilgan paytda hozirgi kabi DNK texnologiyalari mavjud emas edi. O‘sha davrda shaxsni aniqlash asosan barmoq izlari va stomatologik ma’lumotlar orqali amalga oshirilgan. Biroq mavjud dalillar tergovchilarga jabrlanuvchining kimligini aniqlash imkonini bermagan.
Shu tariqa ushbu sovuq izli jinoyat ishi qariyb 48 yil davomida ochilmasdan qoldi. Faqat zamonaviy DNK tahlili va genetik texnologiyalar taraqqiyoti tufayli tergovda yangi bosqich boshlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2007 yilda koroner xodimlari 1978 yilda jasaddan DNK namunasi olinmaganini aniqlagan. Shundan so‘ng jasad qayta eksgumatsiya qilinib, biologik namuna olindi va tegishli ma’lumotlar maxsus genetik bazaga kiritildi. Ammo dastlab bu ham natija bermadi.
Tergovdagi hal qiluvchi burilish esa Koller oilasi a’zolaridan biri tijorat genealogik ma’lumotlar bazasiga o‘z DNK ma’lumotlarini taqdim etgach yuz berdi. Aynan shu ma’lumot tergovchilarga qarindoshlik aloqasini aniqlash va jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlash imkonini berdi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan marhumaning qarindoshi Sintiya Danbar bu xabar oila uchun juda og‘ir, biroq muhim voqea bo‘lganini aytdi.
«Aziz singlimiz Shelli, sen bunday tarzda hayotdan ketishga loyiq emas eding. Sen atigi 15 yoshli, oldinda butun umri turgan bola eding. Seni himoya qila olmaganimiz uchun kechir», dedi u his-tuyg‘ularini yashira olmasdan.
Oila a’zolari marhumaning qotiliga ham murojaat qildi. Ular bu jinoyat butun oila hayotiga chuqur ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlab, huquqni muhofaza qiluvchi organlar baribir aybdor shaxsni aniqlashini bildirdi.
«Sening qo‘rqoqona qilmishing butun oilamiz taqdiriga ta’sir qildi. Ammo shubha qilma — huquqni muhofaza qiluvchi idoralar seni topadi va javobgarlikka tortadi. Hozir qamoqda bo‘lsang ham, hayotda bo‘lmasang ham, baribir aniqlanasan», dedi Sintiya Danbar.
Kern okrugi Sherif boshqarmasi mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari hali ham davom etayotganini, qotilni aniqlash va javobgarlikka tortish maqsadida barcha imkoniyatlar ishga solinayotganini ma’lum qildi. Zamonaviy DNK texnologiyalari orqali ochilayotgan bunday ko‘p yillik jinoyat ishlari esa sud-tibbiy ekspertiza va kriminalistika sohasidagi yutuqlar yana bir bor qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini namoyon etmoqda.






























Izohlar 0
…