Fransiyada erkak uyidagi qutilardan besh chaqaloq jasadini topdi

Fransiyada sodir bo‘lgan dahshatli voqea jamoatchilikni larzaga soldi. Mamlakatning tarixiy Oranj shahrida yashovchi 32 yoshli ayol bilan turmush o‘rtog‘i o‘rtasidagi janjal kutilmagan va mudhish holatning fosh bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Hodisa yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.
Ma’lum qilinishicha, ayol va uning turmush o‘rtog‘i uyda saqlanayotgan karton qutilarning ichidagi narsalar haqida bahslashgan. Qizig‘i shundaki, ayol janjaldan bir kun avval uy sharoitida sog‘lom o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan edi. Bahs davomida u qorin qismida kuchli og‘riq sezayotganini aytgan va shundan keyin shifoxonaga olib ketilgan.
Tergov manbalariga ko‘ra, ayol shifoxonaga olib ketilganidan so‘ng turmush o‘rtog‘i uyda qolib, bahsga sabab bo‘lgan karton qutilarni ochib ko‘rgan. Shu vaqtda u qutilar ichida saqlangan besh nafar chaqaloq jasadiga duch kelgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, barcha jasadlar ancha vaqt avvalgi bo‘lib, ular parchalanish jarayonida bo‘lgan. Qoldiqlar uyning ikkinchi qavatida katta polietilen xalta ichiga joylangan bir nechta karton qutilarga solib qo‘yilgani aniqlangan.
Mahalliy Le Parisien nashrining yozishicha, erkak turmush o‘rtog‘ining homiladorligi haqida faqat yaqinda bilgan. Aytilishicha, ayol undan avval uch marta homilador emasligini ta’kidlagan. Jasadlar topilgan xaltani erkak shifoxonaga olib borgan va tibbiyot muassasasi xodimlari bu haqda darhol politsiyaga xabar bergan.
Sud-tibbiy ekspert xulosasiga ko‘ra, topilgan qoldiqlar besh nafar chaqaloqqa tegishli ekani tasdiqlangan. Endi esa ularning o‘lim sabablari va boshqa muhim holatlarni aniqlash maqsadida qo‘shimcha sud-tibbiy ekspertizalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Karpantra prokuraturasi ma’lum qilishicha, erkak tergovchilarga turmush o‘rtog‘ining ehtimoliy homiladorliklari haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmaganini bildirgan. So‘roqdan keyin u qo‘yib yuborilgan.
Ayni paytda ayol shifoxonada davolanmoqda. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, uning ahvoli sababli hozircha u hibsga olinmagan va rasman so‘roq qilinmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur ish bo‘yicha barcha holatlarni sinchiklab o‘rganmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu oilaning yana ikki nafar — 8 va 12 yoshli farzandi ham bor. Voqeadan keyin bolalarning xavfsizligi va manfaatlarini ta’minlash maqsadida bolalarni himoya qilish xizmati ularning holatini nazoratga olgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…