Telefonga berilgan sayyoh ayiq bilan yuzma-yuz keldi (video)

Ruminiyaning Transfegerashan avtomobil yo‘lida mobil telefoniga chalg‘igan sayyohga yovvoyi ayiq kutilmaganda yaqinlashib keldi. Jonivor uning oyog‘ini hidlagach, vahimaga tushgan erkak mashinasi tomon qochgan va ayiq uni bir necha metr masofagacha quvib borgan. Ushbu xavfli vaziyatni tasvirga olgan video ijtimoiy tarmoqlarda millionlab tomoshalarni yig‘ib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ruminiyaning mashhur Transfegerashan avtomobil yo‘lida sayyoh ishtirokida xavfli holat yuz berdi. Mobil telefoniga berilib ketgan erkak orqasidan yovvoyi ayiq yaqinlashib kelayotganini umuman sezmay qolgan.
Videoda ayiq sayyohning orqasiga kelib, hatto uning oyog‘ini hidlab ko‘rgani aks etgan. Jonivorni payqab qolgan erkak vahimaga tushib, zudlik bilan avtomobili tomon yugurgan. Ayiq esa uni bir necha metr masofagacha quvib borgan. Yaxshiyamki, sayyoh avtomobilga yetib olishga muvaffaq bo‘lgan va hodisa jiddiy oqibatlarsiz yakunlangan.
Voqea guvohi bo‘lgan boshqa bir sayyoh ushbu lahzalarni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan. Lavha qisqa vaqt ichida millionlab tomoshalarni yig‘ib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mutaxassislar Transfegerashan yo‘li atrofida yovvoyi ayiqlar tez-tez uchrashini eslatib, sayyohlardan ularni ovqatlantirmaslik, yaqinlashmaslik va bunday hududlarda doimo ehtiyotkor bo‘lishni so‘ramoqda. Ularning ta’kidlashicha, odamlar tomonidan oziqlantirilgan ayiqlar insonlardan qo‘rqmay qo‘yadi va bu kabi xavfli vaziyatlarning ko‘payishiga olib kelishi mumkin.






























Izohlar 0
…