Ufada daryoda cho‘milgan o‘zbekistonlik fojiali tarzda halok bo‘ldi

Rossiyaning Ufa shahrida O‘zbekiston fuqarosi Belaya daryosida cho‘milayotgan vaqtda kuchli suv oqimiga tushib fojiali tarzda halok bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, erkak havoning keskin issiqligi sababli «Kamennaya Pereprava» yaqinidagi cho‘milish taqiqlangan va xavfli deb belgilangan hududda suvga tushgan. Ufa fuqaro muhofazasi boshqarmasi ma’lum qilishicha, 22 iyuldan 28 iyulga qadar bir hafta ichida shaharda 87 nafar inson qutqarib qolingan.
Rossiyaning Ufa shahrida O‘zbekiston fuqarosi bilan bog‘liq ayanchli hodisa sodir bo‘ldi. Erkak Belaya daryosida cho‘milayotgan vaqtda kuchli suv oqimiga tushib, halok bo‘ldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro havoning keskin issiqligi sababli «Kamennaya Pereprava» yaqinidagi ko‘prik ostida suvga tushgan. Mazkur hudud cho‘milish uchun taqiqlangan va xavfli joy sifatida belgilangan. Kuchli oqim ta’sirida u suv ostiga g‘arq bo‘lgan.
Ufa fuqaro muhofazasi boshqarmasi ma’lum qilishicha, 22 iyuldan 28 iyulga qadar bir hafta ichida shaharda 87 nafar inson, jumladan 33 nafar bola qutqarib qolingan. Shuningdek, Belaya daryosida joylashgan «Solnechniy» plyaji hududida 74 nafar fuqaroning hayoti saqlab qolingan.
Taqqoslash uchun, 2025 yil davomida qutqaruvchilar suv havzalaridan jami 30 nafar kishini, shu jumladan 8 nafar bolani qutqargan edi. Bu yil esa faqat iyul oyidagi bir haftaning o‘zida o‘tgan yilning butun yoz mavsumiga nisbatan qariyb uch baravar ko‘proq inson qutqarilgan.
Mutaxassislar bu holatni yuqori harorat va daryolardagi suv sathining ko‘tarilishi bilan izohlamoqda. Ularga ko‘ra, Belaya hamda Ufa daryolarida suv oqimi juda kuchaygani sababli cho‘milish hayot uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Shu munosabat bilan mas’ul idoralar aholidan taqiqlangan hududlarda suvga tushmaslikni so‘rab, dam olish uchun maxsus ruxsat etilgan sohillar yoki ko‘llarni tanlashni tavsiya etmoqda.






























Izohlar 0
…