Jomboyda kelinning ayovsiz kaltaklanishi bo‘yicha rasmiylar bayonot berdi

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida ayolning og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani va unga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llangani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jabrlangan ayolning otasi kuyovi avval ham qiziga tan jarohati yetkazgani, bu gal esa u yuzi va tanasining turli joylaridan jarohatlanib, qarindoshlari tomonidan kanal ustidagi ko‘prik yaqinida qoldirib ketilganini ma’lum qildi.
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida ayolning og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani haqidagi xabarlar keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Jabrlangan ayolning otasi ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat bilan chiqib, qiziga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanganini ma’lum qildi. Holat yuzasidan Jomboy tumani hokimligi ham rasmiy munosabat bildirdi.
Ayolning otasiga ko‘ra, kuyovi avval ham qiziga tan jarohati yetkazgan. Uning aytishicha, uch oy muqaddam qizining jag‘i va tishlari shikastlangan bo‘lsa-da, uch nafar farzandi borligi sababli oila murosani afzal ko‘rgan. Shuningdek, mazkur holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham xabardor bo‘lgani ta’kidlangan.
Otaning iddaosiga ko‘ra, bu gal ayolning yuzi va tanasining turli joylariga jarohat yetkazilgan. Shuningdek, u qizini kasalxonaga olib borish o‘rniga qaynonasi va boshqa qarindoshlari tomonidan bosimga uchratilgani hamda kanal ustidagi ko‘prik yaqinida qoldirib ketilganini aytgan. Bu da’volar hozircha rasmiy tarzda tasdiqlanmagan.
Jomboy tumani hokimligi ma’lum qilishicha, holat yuzasidan zudlik bilan tekshiruv ishlari boshlangan. Tuman hokimi Xurshid Nazarov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ma’ruf Shermuhammedov hamda profilaktika inspektori ishtirokida voqea nazoratga olingan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra, voqeaga huquqiy baho berilishi bildirildi.
Shuningdek, jabrlangan ayol shifoxonaga joylashtirilgan bo‘lib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani ma’lum qilindi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, holat yuzasidan barcha jarayonlar nazorat ostida davom etmoqda.






























Izohlar 0
…