Dunyo xaritasida yana bir davlat nomi o‘zgardi

Tinch okeanidagi Nauru rasman Naoyero Respublikasi deb atala boshlandi. Mamlakatning xalqaro kodi NRU o'rniga NRO bo'ldi, fuqarolari esa endi dey-Naoyero deb ataladi. Yangi nom mahalliy til, tarixiy meros va asl talaffuzga moslashtirilgan bo'lib, Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlar parlament tomonidan ma'qullangan. Qariyb 12 ming nafar aholisi bor Naoyero dengiz sathining ko'tarilishi va iqlim o'zgarishi oqibatlariga jiddiy duch kelmoqda.
Tinch okeani hududida joylashgan va dunyoda aholisi eng kam davlatlardan biri sifatida tanilgan Nauru rasman o‘z nomini o‘zgartirdi. Endi mamlakat xalqaro maydonda Naoyero Respublikasi nomi bilan yuritiladi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi nom mamlakatning mahalliy tilidagi tarixiy nomi hamda uning asl talaffuziga moslashtirilgan. Shu munosabat bilan davlatning xalqaro kodi ham o‘zgaradi. Ilgari qo‘llanilgan NRU o‘rniga endilikda NRO kodi ishlatiladi. Shuningdek, mamlakat fuqarolari ham avvalgidek «naurulik» emas, balki dey-Naoyero deb ataladi.
Prezident Devid Adeangning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarish mamlakatning boy tarixiy merosi, milliy tili va xalqning o‘zligini yanada to‘liq namoyon etishga xizmat qiladi. Davlat rahbari ushbu tashabbusni joriy yil boshida parlament muhokamasiga kiritgan. Keyinchalik Konstitutsiyaga tegishli tuzatishlar deputatlar tomonidan ikki bosqichli ovoz berish jarayoni orqali ma’qullangan.
Hukumat rasmiy bayonotiga ko‘ra, «Nauru» nomi ilgari xalqaro maydonda xorijliklar uchun talaffuz qilish oson bo‘lishi maqsadida qo‘llangan. Biroq «Naoyero» mamlakatning asl, tarixiy va an’anaviy nomi hisoblanadi. Shu bois rasmiylar aynan shu nomni davlatning haqiqiy milliy timsoli sifatida qayta tiklashga qaror qilgan.
Qariyb 12 ming nafar aholi istiqomat qiladigan Naoyero aholisi soni bo‘yicha dunyoda faqat Vatikan va Tuvaludan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi. Mamlakat 1968 yilda mustaqillikka erishgan. Bir vaqtlar fosfat qazib olish orqali katta iqtisodiy daromadga erishgan davlat keyingi yillarda tabiiy zaxiralarning kamayishi natijasida jiddiy iqtisodiy inqirozga duch kelgan.
Bugungi kunda Naoyero iqlim o‘zgarishi ta’sirini eng kuchli his etayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Dengiz sathining tobora ko‘tarilishi orol davlati uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Shu sababli hukumat sohilbo‘yi infratuzilmasini muhofaza qilish, aholini xavfsiz hududlarga ko‘chirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish maqsadida xorijiy investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Rasmiylarning bildirishicha, mamlakat nomining o‘zgartirilishi Naoyero uchun «milliy g‘ururning yangi bosqichi»ni boshlab beradi. Shuningdek, hukumat dunyoning turli davlatlari va xalqaro tashkilotlarga murojaat qilib, yangi nomni rasman tan olishlarini so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shuningdek Avstraliya, Yangi Zelandiya hamda mintaqadagi AQSH va Xitoy diplomatik vakolatxonalari o‘z rasmiy manbalarida mamlakat nomini Naoyero sifatida qayd etishni boshlagan.
Eslatib o‘tish joiz, mazkur jarayon joriy yilning 29 yanvar kuni Prezident Devid Adeang mamlakat nomini o‘zgartirish bo‘yicha Konstitutsiyaga tegishli tuzatishlarni parlamentga kiritishi bilan boshlangan edi. Keyinchalik, 12 may kuni parlament ushbu o‘zgarishlarni ma’qulladi. Iyun oyida esa Nauru hukumati yangi nomni xalqaro darajada tan olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga rasmiy murojaat yo‘lladi. Shundan so‘ng Naoyero nomi BMTning rasmiy ma’lumotlar bazasida ham aks ettirildi.






























Izohlar 0
…