Rekord issiqlik zooparkda uch sherning umriga zomin bo‘ldi

Tokiodagi Tama zooparkida rekord darajadagi issiq oqibatida bir hafta ichida 3 dan 15 yoshgacha bo‘lgan uch urg‘ochi sher nobud bo‘ldi. Dastlabki veterinariya tekshiruvlari hayvonlarda kuchli suvsizlanish va bir nechta a’zolar faoliyatining izdan chiqqanini ko‘rsatdi. 3 yoshli Mugi 28 iyul kuni, 11 yoshli Ichigo 31 iyul kuni, 15 yoshli Luena esa 3 avgust kuni halok bo‘lgan.
Yaponiya poytaxti Tokiodagi Tama zooparkida kuchli issiq oqibatida uch urg‘ochi sher nobud bo‘ldi. Mamlakatda kuzatilayotgan rekord darajadagi jazirama nafaqat odamlar, balki hayvonlar hayotiga ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Zoopark ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, bir hafta ichida yoshi 3 dan 15 yoshgacha bo‘lgan uch urg‘ochi sher halok bo‘lgan. Dastlabki veterinariya tekshiruvlari ularda kuchli suvsizlanish va bir vaqtning o‘zida bir nechta a’zolar faoliyati izdan chiqqanini ko‘rsatgan. Mutaxassislar bu holatning asosiy sababi sifatida yuqori haroratni ko‘rsatmoqda.
Tama zooparki vakili Miva Kosaka bunday holat ilgari hech qachon kuzatilmaganini ta’kidladi.
«Bu biz uchun birinchi shunday hodisa. O‘tgan yoz ham issiq bo‘lgan edi, ammo arslonlarimiz orasida bunday yo‘qotish bo‘lmagan», — dedi u.
Ma’lum qilinishicha, 3 yoshli Mugi 19 iyul kuni ovqat yeyishdan bosh tortgan. Oradan bir kun o‘tib u oyoqqa tura olmay qolgan. Xodimlar uni sovutish, organizmga suyuqlik, vitamin va dori vositalari berish orqali qutqarishga harakat qilgan. Biroq sher 28 iyul kuni nobud bo‘lgan. Keyinchalik 31 iyul kuni 11 yoshli Ichigo, 3 avgust kuni esa 15 yoshli Luena ham halok bo‘lgan.
Hozirda yana uch sher — ikki erkak va bir urg‘ochining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. Ular mustaqil harakatlana olmayapti va doimiy veterinariya nazorati ostida davolanmoqda. Shu bilan birga, yana to‘rt sherning ahvoli yaxshilanayotgani, olti sherda esa hech qanday muammo kuzatilmagani ma’lum qilindi.
Zoopark hayvonlarni himoya qilish maqsadida maxsus sovutish tizimlarini ishga tushirgan. Arslonlar ko‘chma konditsionerlar va sanoat ventilyatorlari o‘rnatilgan hududlarga joylashtirilmoqda.






























Izohlar 0
…