Starlink bosimi: sunʼiy yoʻldosh operatori Hughes bankrot boʻldi

Hughes (EchoStar tarkibiga kiradi) Starlink bilan kuchaygan raqobat va qarz yukini qayta tashkil etish maqsadida AQShda 11-bob bo'yicha bankrotlik to'g'risida ariza berdi. So'nggi bir yil ichida kompaniya abonentlari soni 21,7 foizga kamayib, 641 ming nafarga tushdi, bunga geostatsionar sun'iy yo'ldoshlar texnik cheklovlari sabab bo'layotgani aytilmoqda.
AQShning taniqli sunʼiy yoʻldosh internet operatori Hughes (EchoStar tarkibiga kiradi) soʻnggi yillarda past orbitali tizimlar, xususan Starlink bilan kuchayib borayotgan raqobatga bardosh berolmay, moliyaviy qiyin ahvolda qoldi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, kompaniya oʻz majburiyatlarini bajarish va qarz yukini qayta tashkil etish maqsadida AQShda 11-bob boʻyicha bankrotlik toʻgʻrisida rasmiy ariza kiritgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maʼlumotlarga koʻra, oxirgi bir yil ichida Hughes abonentlar bazasi keskin qisqarib, foydalanuvchilar soni taxminan 21,7 foizga kamaydi va 641 ming nafarga tushib qoldi. Kompaniyaning inqirozli vaziyatga tushib qolishiga asosiy sabab sifatida anʼanaviy geostatsionar sunʼiy yoʻldoshlarning texnik cheklovlari koʻrsatilmoqda.
Texnologik ortda qolish va raqobat
Mutaxassislarning tushuntirishicha, Hughes foydalanadigan geostatsionar sunʼiy yoʻldoshlar yer sathidan taxminan 36 000 kilometr balandlikda harakat qiladi. Bu keng qamrovli qoplamani taʼminlasa-da, signal kechikishi (ping) salkam 600 millisekundni tashkil etadi. Solishtirish uchun, Starlink kabi past orbitali tarmoqlar 20–40 millisekundlik kechikish bilan ishlaydi va yer ustidagi keng polosali internet tezligiga yaqinlashadi.Kompaniyaning qayta tashkil etish boʻyicha direktori Robert del Jenio past orbitali operatorlarning ustunligi uzoq muddatli xususiyatga ega ekanini taʼkidladi. Bunday tarmoqlar oʻz qamrovini doimiy ravishda kengaytirib, xizmat narxini pasaytirib bormoqda. Boz ustiga, yaqin kelajakda Amazon ham oʻzining past orbitali tarmogʻini tijorat maqsadlarida ishga tushirishni rejalashtirayotgani raqobatni yanada kuchaytirmoqda.
Kelajak rejalari va moliyaviy holat
Biroq bankrotlik jarayoni kompaniyaning barcha tuzilmalariga taʼsir qilmaydi. Hughes xalqaro boʻlinmalari bu tartib-taomildan oʻtmaydi va mijozlarga xizmat koʻrsatish ishlari toʻxtovsiz davom etadi. Qayd etilishicha, 3-avgust holatiga koʻra 1,5 milliard dollarlik qarzdorlikni toʻlay olmagan kompaniya isteʼmolchilar bozoridagi yoʻqotishlardan soʻng oʻz eʼtiborini korporativ, davlat va mudofaa buyurtmachilariga qaratishni niyat qilgan.Hozirgi vaqtda Hughes qoʻlida tijorat aviakompaniyalari va AQSh mudofaa idoralari bilan tuzilgan 1,5 milliard dollarlik shartnomalar portfeli mavjud. Shuningdek, operator past orbitali tizimlar uchun yer usti stansiyalari va yassi sunʼiy yoʻldosh antennalariga investitsiya kiritishda davom etmoqda, bu esa unga yangi bozor sharoitlariga moslashish imkonini berishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…