Qozog‘istonda «Aytxojin» deb nomlangan yangi kartoshka navi yaratildi

Qozog‘istonlik olimlar yuqori hosildorligi va kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadigan yangi kartoshka navini yaratdi. Yangi nav mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirilgani bilan ham ahamiyatli hisoblanadi. Bu haqda Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yangi kartoshka navi «Aytxojin» deb nomlangan. Ushbu nav Qozog‘iston Meva-sabzavotchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Murat Aytxojin nomidagi Molekular biologiya va biokimyo instituti mutaxassislarining o‘zaro hamkorligi asosida yaratilgan.
Olimlar yangi navni ishlab chiqishda, avvalo, Qozog‘istonning tuproq va iqlim sharoitlariga yaxshi moslasha oladigan, serhosil hamda turli kasalliklarga nisbatan bardoshli kartoshka yetishtirishni maqsad qilgan.
Yangi navni yaratish jarayonida an’anaviy seleksiya usullari bilan bir qatorda zamonaviy biotexnologik va molekular-genetik texnologiyalardan ham foydalanilgan. Bu usullar kartoshkaning muhim xususiyatlarini yanada samarali tanlash va yangi navning zarur ko‘rsatkichlarini shakllantirish imkonini bergan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur tadqiqotlar 267-budjet dasturi hamda 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan dasturiy-maqsadli moliyalashtirish loyihasi doirasida amalga oshirilgan.
Loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri kartoshka, sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirishni barqaror rivojlantirishdan iborat. Shu bilan birga, seleksiya va urug‘chilik tizimini takomillashtirish hamda qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Yangi «Aytxojin» navi Qozog‘iston sharoitida yuqori hosil olish, kasalliklarga chidamli ekin yetishtirish va zamonaviy seleksiya texnologiyalaridan samarali foydalanish borasidagi ilmiy izlanishlarning navbatdagi natijasi bo‘ldi.






























Izohlar 0
…